Daryo

Yangi “Garri Potter”: qadrdon qahramonlarni endi kimlar ijro etadi?

2026-yilning mart oyida “Garri Potter” haqidagi yangi serialning ilk treyleri namoyish etildi. Uning atrofida darhol ko‘plab bahs-munozaralar avj oldi.

2 daqiqa o‘qish3 251 ko‘rishlar1 izoh2

2026-yilning mart oyida “Garri Potter” haqidagi yangi serialning ilk treyleri namoyish etildi. Uning atrofida darhol ko‘plab bahs-munozaralar avj oldi: serial muxlislari tom ma’noda ikkiga bo‘lindi — kimdir yangi serialni tomosha qilish uchun yil oxirini intizorlik bilan kutayotgan bo‘lsa, boshqalarga hozirdanoq hech narsa ma’qul kelmadi. Maqolamizda qadrdon bo‘lib qolgan obrazlarni kimlar ijro etgani haqida ma’lumot beramiz.

Professor Minerva Makgonagall

Afsonaviy Meggi Smitning o‘rnini “Oskar” mukofoti nomzodi Janet Maktir egalladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Hikmatlar toshi”da professor Makgonagall taxminan 56 yoshda bo‘lgan, Smit esa o‘z qahramonidan ancha katta, ya’ni 67 yoshda edi. Maktir suratga olish vaqtida u 63-64 yoshda bo‘lgan. Biroq eski va yangi ekranlashtirishda ham kitobdan chekinish bor: asarda professor to‘rtburchak ko‘zoynak taqadi.

Petunya Dursl

Petunya Dursl nihoyat mallasoch qilib tasvirlandi. Treylerdayoq Garrining xolasi avvalgi talqindagidan ko‘ra yoqimsizroq va sovuqqonroq chiqqanga o‘xshaydi, biroq yakuniy xulosa chiqarishga hali erta. Bu rolni ekranda “Mitti chiroq” filmi bilan tanilgan Bel Pauli gavdalantirgan.

Ron Uizli

Qizig‘i shundaki, yangi filmda ham personajlar poyezdda yana o‘z joylarida o‘tirishibdi: Garri chapda, Ron bilan Germiona esa o‘ng tomonda. Shuningdek, ziyrak tomoshabinlar bolalarning 90-yillarga xos kiyimda ekanini payqashdi, bu esa serialga qo‘shimcha haqqoniylik baxsh etadi.

Dadli Dursl

Garri Potterning xolavachchasi Dadli Dursl rolini Amos Kitson ijro etdi. Treylerda qahramon o‘ziga haddan tashqari ishongan va ancha tantiq ko‘rinadi. Yangi serialda bu obraz chuqurroq ochib berilsa, ajab emas. 

Drako Malfoy

Serialda Drako Malfoy rolini Loks Pratt ijro etadi, biroq treylerda u bir necha soniyaga ko‘rinadi, xolos. Shunga qaramay, bir qiziq tafsilot bor: filmlarda ushbu rolni o‘ynagan Tom Felton yangi aktyor bilan o‘zi bog‘langanini aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Loks Pratt va uning oilasini qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lgan, shuningdek, u hazil tariqasida “suratga olish maydonidan iloji boricha ko‘proq rekvizit o‘g‘irlashni” maslahat bergan.

Rubeus Xagrid

Tomoshabinlar Xagrid rolida Nik Frostni ko‘rishadi. Treylerda u yumshoq ko‘ngil qilib tasvirlanadi: masalan, kadrlardan birida u qorga “farishta” rasmini chizadi. Shunday bo‘lsa-da, Xagrid Garrini sehrgarlik olamiga ehtiyotkorlik bilan olib kiradi.

Garri Potter

Yangi serialda Garri rolini Dominik Maklaflin ijro etadi. Dastlabki kadrlardan ko‘rinib turibdiki, serial ijodkorlari qahramonning “oddiy”ligiga urg‘u berishmoqda: u filmlardagiga nisbatan himoyasizroq va hamma singari oddiy bolakay.

Germiona Greynjer

Yangi serialda Germiona rolini Arabella Stenton ijro etadi. Treylerda u juda qisqa ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu tomoshabinlarning personaj qiyofasini muhokama qilishiga yetarli bo‘ldi. Ko‘pchilik qahramonning tashqi ko‘rinishi tabiiy chiqqanini ta’kidladi: uning sochlari filmlardagidan ko‘ra kitobdagi obrazga yaqinroq.

Severus Sneyp

Severus Sneyp rolini Paapa Essyedu ijro etdi va bu, ehtimol, butun treylerdagi eng ko‘p muhokama qilingan aktyor tanlovidir. Tomoshabinlar ikki guruhga bo‘linib ketdi: ba’zilar aktyorga imkon berib, uning Sneypi qanday chiqishini ko‘rmoqchi, boshqalar esa hozirdanoq uni Alan Rikman timsoli bilan solishtirib, norozi bo‘lmoqda. Hozircha Sneyp juda oz ko‘rsatilgan, shu sababli xulosa chiqarishga hali erta. Lekin aynan shu qahramon serial atrofidagi bahs-munozaralarning asosiy nuqtalaridan biriga aylanishi hozirdan ayon.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar