Daryo

“Porlayotgan Sindorov” — FIDE o‘zbekistonlik shaxmatchi haqida

FIDE Nomzodlar turnirida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Javohir Sindorov dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini mag‘lub etmoqda.

3 daqiqa o‘qish7 398 ko‘rishlar0 izoh13

FIDE Nomzodlar turnirining beshinchi turida Javohir Sindorov Hikaru Nakamurani mag‘lub etib, besh turdan so‘ng 4,5 ochko jamg‘arishga erishdi. O‘tgan turda Sindorovdan mag‘lub bo‘lgan Fabiano Karuana ham Mattias Blyubaum ustidan g‘alaba qozonib, peshqadamga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. FIDE Javohir Sindorovning yorqin starti haqida maqola e’lon qildi.

Bir kunlik tanaffusdan so‘ng ko‘pchilik shaxmatchilarni yangi g‘oyalar, nazariy yangiliklar va katta energiya bilan qaytishini kutgan edi – va bu tur kutilgan natijani berdi.

Shubhasiz, kunning eng muhim bahsi oq donalarda o‘ynagan Hikaru Nakamura va turnir peshqadami Javohir Sindorov o‘rtasida kechdi. Nakamura bu o‘yinni birinchi o‘rin uchun kurashishdagi so‘nggi haqiqiy imkoniyati ekanligini ta’kidlagan edi.

Sindorov “uchburchak tizimi”ni (Triangle System) tanladi, ammo Nakamura bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan holda, oxir-oqibat ikkita piyodani qurbon qilishni ko‘zda tutadigan asosiy liniyaga kirdi.

“Kecha dam olish kuni bo‘lgani uchun tayyorgarlik ko‘rishga vaqtim ko‘p bo‘ldi. Bu gambit juda ayyorona, agar birorta liniyani esdan chiqarsangiz, darhol yutqazishingiz mumkin, lekin men kecha hammasini sinchiklab tekshirib chiqqan edim”, — dedi Sindorov uchrashuvdan keyingi intervyusida.

Har ikki o‘yinchi debyut yurishlarini O‘zbekiston terma jamoasida Sindorovning jamoadoshi bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov (2780) va Arjun Erigaisi (2751) o‘rtasidagi yuqori darajadagi o‘yinni takrorlagan holda juda tez amalga oshirishdi. Hikaru Nakamuraning aynan qachon nazariyadan chiqqanini aniqlash qiyin, ammo ko‘p o‘tmay u tashabbusni saqlab qolish uchun yana bir piyodadan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Ushbu vaziyatda, vaqti juda kam qolgan Nakamura 20-yurishda shohni h1 katagiga (Kh1) yurishini tanladi va unga javoban Sindorovning “ot d4” (Nd4) yurishidan keyin hammasi hal bo‘ldi.

Javohir Sindorov himoyani to‘liq nazorat ostida ushlab turdi. Aniq hisob-kitob bilan u Nakamuraning barcha hujum imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi va o‘yinni butunlay yutuqli bo‘lgan har xil diagonalli fillar endshpiliga (yakuniy qism) o‘tkazdi.

O‘z natijasi haqida gapirar ekan, Sindorov buni ham tayyorgarlik, ham sport formasida ekanligi bilan izohladi:

“Menga shunchaki avvaldan tayyorlagan variantlarim tushayotgani uchun omadim kelyapti. Shuningdek, u bir soat o‘ylab, noto‘g‘ri yurish qildi. Men esa imkoniyatdan foydalanib, nazarimda, juda yaxshi o‘ynadim”.

Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashish imkonini beruvchi ushbu nufuzli turnirda qatnashayotgan ilk o‘zbekistonlik shaxmatchi hisoblanadi.

Foto: FIDE

Sindorov 5 turda 4 ta g‘alaba qayd etib, Nomzodlar turnirida eng yaqin ta’qibchisi Fabiano Karuanadan 1 ochkoga oldinda bormoqda. Turnir boshlanishidan avval asosiy favorit sifatida e’tirof etilgan barcha shaxmatchilar (Karuana, Praggnanandhaa, Nakamura) 5-tur yakunidayoq Javohirga mag‘lub bo‘lishga ulgurdi. Shuningdek, u ketma-ket 3 ta turda “kunning eng yaxshi o‘yinchisi” deb topildi. Musobaqa avvalida dunyo reytingida 20-o‘rinda bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchi 4 ta yorqin g‘alabadan keyin onlayn reytingda 5-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa tarixda ilk bor dunyoning top-5 taligida ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘lishini anglatadi.

Foto: Live 2700 Chess

Yana bir qiziqarli fakt: turnir boshida Javohirning g‘alaba qozonish ehtimoli 15 foizga baholangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 70 foizga yetgan.

Bugun, 4-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan oltinchi turda u qora donalarda Jahon Kubogi finalidagi raqibi, xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.

Ma‘lumot uchun, 2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelga qadar Kiprda o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning eng kuchli sakkiz nafar grossmeysteri ishtirok etmoqda. Shaxmatchilar ikki davrada (14 tur) shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib borish uchun kurashmoqda. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 500 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar