Erondagi urush Hindistonning 6 milliard dollarlik qadoqlangan suv sanoatiga bosim o‘tkazmoqda. Ishlab chiqaruvchilar zarur xomashyoni topishda qiynalmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mart oyida bozor yetakchisi boʻlgan Bisleri kompaniyasi suv narxlarini 11 foizga oshirdi — 1 litrlik 12 dona suvdan iborat quti 24 rupiyga (0,26 dollar) qimmatlashdi. Bailley va Clear Premium Water kabi brendlar ham narxlarni ko‘targan.
Shaharlardagi uy xo‘jaliklarining qariyb 15 foizi va qishloqlardagilarning 6 foizi ichimlik suvi uchun qadoqlangan suvga tayanadi. Hindistonning ko‘plab hududlarida, ayniqsa yozda, suv tanqisligi, yerosti suvlari ifloslanishi va infratuzilma muammolari sabab toza suvga ehtiyoj ortadi.
Ishlab chiqaruvchilar urush cho‘zilsa, bu muhim mahsulot ko‘plab hindlar uchun keskin qimmatlashishi mumkinligini aytmoqda. Dunyo neft va suyultirilgan gazining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi hozir deyarli yopilgan, bu esa global yonilg‘i narxlarini oshirib yubordi.
Neft va gaz importiga bog‘liq Hindiston bu bosimni sezmoqda. Maharashtra qadoqlangan suv ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi rahbari Vijaysin Dubbalning aytishicha, plastik idishlardagi suv narxining oshishiga asosiy sabab — xom neft narxining keskin ko‘tarilishi. Brent markali neft narxi haftaning boshida bir barrel uchun 119 dollargacha chiqdi.
Xom neftdan PET (polietilen tereftalat) granulalari ishlab chiqarilib, ular eritilib plastik butilkalar tayyorlanadi. Dubbalning aytishicha, preforma narxi 1 kilogramm uchun 115 rupiydan 180 rupiygacha oshgan, ta’minotda ham tanqislik bor. Natijada Maharashtra shtatidagi zavodlarning qariyb 20 foizi vaqtincha yopilgan.
Hozircha ayrim kompaniyalar qo‘shimcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olib, narxlarni ushlab turmoqda. Shu sababli 1 litrlik suv (20 rupiy/2600 soʻm) va 5 litrlik suv (60–70 rupiy/8-9 ming soʻm) narxlari deyarli o‘zgarmagan.
“Ammo qo‘shimcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olish kompaniyalar uchun barqaror amaliyot emas. Vaziyat yomonlashsa, buning ta’sirini iste’molchilar sezadi”, deydi Dubbal.
Ta’minotdagi bosim ayni noqulay paytga to‘g‘ri kelgan, aprel–may oylarida Hindistonda qadoqlangan suv va ichimliklarga talab keskin oshadi. PET qadoqlash nafaqat suv va ichimliklar, balki kosmetika, farmatsevtika, restoran va yetkazib berish xizmatlarida ham keng qo‘llaniladi.








