Mart oyi o‘z yakuniga yetdi, demak, tez orada koreyalik kinoijodkorlar tomoshabinlar e’tiboriga qaynoq yangiliklarni havola etishadi. Aynan siz uchun premyerasi 2026-yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan doramalardan iborat to‘plam tayyorladik.
“Ovchi itlar”
Chiqish sanasi: 3-aprel
Ommabop doramaning ikkinchi mavsumi ekranlarga qaytmoqda. Gon U va U Jin nafaqat sudxo‘rlar bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qildi, balki o‘zlarining mustahkam do‘stligini ham saqlab qoldi. Aynan do‘stining yordami va qo‘llab-quvvatlashi tufayli Gon U o‘zining eng katta orzusini ro‘yobga chiqarib, boks bo‘yicha chempionatda g‘olib bo‘ldi. Biroq kutilmaganda taqdir bosh qahramonlar yo‘liga Pek Jun timsolida yangi bir sinovni tashlaydi. U hatto nomdor chempionlarni ham osonlikcha “sindiradigan” yashirin boks ligasining boshqaruvchisi bo‘lib, navbatdagi raqibi sifatida aynan Gon Uni tanlaydi.
Bosh rollarda: U Do Hvan, Li San I, Reyn va boshqalar.
“XXI asr shahzodasining rafiqasi”
Chiqish sanasi: 10-aprel

Mazkur dorama voqealari zamonaviy dunyoda konstitutsiyaviy monarxiya hukmron bo‘lgan muqobil Koreyada yuz beradi. Li An — unvonidan boshqa hech narsasi yo‘q shahzoda. U o‘zining asl his-tuyg‘ularini yashiradi, shu sababli atrofdagilarning ko‘pchiligi uni takabbur va xudbin deb hisoblaydi. Son Hi Ju — Koreyadagi eng badavlat chebol oilalaridan birining ikkinchi vorisi. U aqlli, go‘zal, biroq to‘liq baxtli bo‘lishi uchun unga qirollik unvoni yetishmaydi. Hi Ju Li An bilan yaqinlashishga va u bilan nikoh shartnomasini tuzishga qaror qiladi, zero faqat shu yo‘l bilangina ularning har biri o‘z istagiga erisha oladi.
Bosh rollarda: Li Ji In, Pyon U Sok, No San Hun va boshqalar.
“Yu Mining hujayralari”
Chiqish sanasi: 13-aprel

Bosh qahramon endi muvaffaqiyatli yozuvchiga aylangan. Faqat uning hayotida hech qanday g‘ayrioddiy voqea sodir bo‘lmaydi, shu sababli Yu-mining hujayralari go‘yoki uyquga ketadi. Ammo u muharrir Shin Sun Rok bilan tanishgach, hamma narsa o‘zgaradi. Aynan shu inson Yu-miga o‘zining ishqiy romanlarida tasvirlagan barcha his-tuyg‘ularni boshdan kechirishga turtki beradi. Bu yigit bilan tanishuv bosh qahramon hayotiga jiddiy o‘zgarishlar olib kiradi.
Bosh rollarda: Kim Go In, Kim Je Von, Cho Xe Jon va boshqalar.
“Qo‘riqchi”
Chiqish sanasi: 20-aprel

Kan Txe Ju — ko‘p yillar avval o‘z ona shahrini tark etgan politsiyachi. U shunchaki tartib posboni emas, balki adolat hamisha g‘alaba qozonishiga chin dildan ishonadigan inson. Txe Ju Xvasonga qaytib keladi va darhol bir qator og‘ir jinoyatlarni tergov qilishga kirishadi. U maktabda bir sinfda o‘qigan paytlaridanoq yoqtirmaydigan prokuror Cha Si Yon bilan birga ishlashiga to‘g‘ri keladi. Ko‘p o‘tmay, ularning safiga hozirda jurnalist bo‘lib ishlayotgan sinfdoshi So Ji Von ham qo‘shiladi.
Bosh rollarda: Li Xi Jun, Pak Xe Su, Kvak Son Yon va boshqalar.
“Bugu hammasi sotilib bo‘ldi”
Chiqish sanasi: 22-aprel

Metyu Li — kosmetologiyada ishlatiladigan noyob o‘simliklarni yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi, yolg‘iz yashaydigan fermer. E-jin — jonli efirda istalgan narsani sota oladigan teleboshlovchi. Bu ayol uchun ish birinchi o‘rinda turadi, biroq tig‘iz jadval sababli uni uyqusizlik qiynay boshlaydi. Erik Soning onasi ko‘p yillar avval fransuz tadbirkoriga turmushga chiqqan va o‘g‘li bilan Parijga ko‘chib ketgan. U o‘gay otasiga o‘zining mustaqilligini isbotlash niyatida Koreyaga qaytib keladi va u yerda daromadli biznes qurishni orzu qiladi. Kutilmaganda bu uchovlonning taqdiri chambarchas bog‘lanib ketadi.
Bosh rollarda: An Hyo Sop, Chxe Von Bin, Kim Bom va boshqalar.
“O‘limingni tilab ol”
Chiqish sanasi: 24-aprel

Yuqori sinf o‘quvchilarining bir nechtasi tilaklarni amalga oshiradigan ilova borligidan xabar topadi. Buning uchun ilovaga o‘z istagi aks etgan videoni yuklashning o‘zi kifoya. Biroq ko‘p o‘tmay, o‘quvchilarga ularning aniq o‘lim sanasi ko‘rsatilgan dahshatli xabarlar kela boshlaydi. Endi o‘quvchilar ushbu ilovani qanday to‘xtatish mumkin, uni kim va nima maqsadda yaratgan, degan savollarga javob topishlari kerak. Ularning vaqti cheklangani vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Bosh rollarda: Kan Mi Na, Chon So Yon, Xyon U Sok va boshqalar.
“Maxfiy tekshiruv”
Chiqish sanasi: 25-aprel

Ju In A yirik kompaniyaning audit bo‘limi boshlig‘i. Aynan u sababli auditorlarning birinchi elita jamoasining eng zo‘ri sanalgan No Ki Junning lavozimi pasaytirilgan edi. Endi esa bu yosh mutaxassis arzimas ofis mojarolarini hal qilishga majbur. Kutilmaganda Ki Junning qo‘liga bir xat tushib qoladi. Unda In A kompaniya xodimlaridan biri bilan ishqiy munosabatda ekani yozilgan edi. Lavozimi pasaytirilgani uchun o‘ch olish maqsadida Ki Jun o‘z boshlig‘iga qarshi ayblovchi dalil izlay boshlaydi, biroq kutilmaganda uni sevib qolganini anglab yetadi. Bosh qahramonlar o‘z kompaniyasidagi shaxslararo munosabatlarning maxfiy auditini o‘tkazishga qaror qilgach, vaziyat yanada keskinlashadi.
Bosh rollarda: Shin Hye Sun, Gong Myong, Li Je Uk va boshqalar.








