AQSH va uning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir nuqtasiga yetdi. Donald Tramp ma’muriyatining Eronga qarshi boshlagan harbiy kampaniyasi nafaqat Yaqin Sharqni, balki NATOning 80 yillik poydevorini ham silkitib qo‘ymoqda. Bu haqida The Washington Post nashrida e’lon qilingan maqolada aytiladi.
Harbiy bazalar va “Havo hududi urushi”
Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan beri AQSH kutilmagan qarshilikka duch keldi. Odatda Vashingtonning eng sodiq hamkorlari deb ko‘riladigan davlatlar kutilmaganda “yo‘q” deya javob berishni boshladi.
Italiya hukumati Sitsiliyadagi Sigonella bazasiga AQSH samolyotlarining qo‘nishini taqiqladi. Bu bazadan o‘n yillar davomida O‘rta Yer dengizidagi operatsiyalar uchun markaz sifatida foydalanilgan.
Ma’lum qilinishicha, bir nechta AQSH bombardimonchi samolyotlari Yaqin Sharq tomon yo‘l olishdan avval Sitsiliya sharqidagi ushbu bazaga qo‘nishi rejalashtirilgan edi. Samolyotlarning aynan qachon qo‘nishi kerak bo‘lganiga aniqlik kiritilmadi. Qo‘shimcha qilinishicha, rad etilishiga asosiy sabab — AQSHning tegishli ruxsatnomani so‘ramagani va Italiya harbiy rahbariyati bilan maslahatlashmaganidir. Amaldagi xalqaro shartnomalarga ko‘ra, Italiya hududidagi AQSH harbiy obyektlaridan foydalanishda mamlakat rahbariyati bilan kelishish majburiy hisoblanadi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa nafaqat harbiy bazalarni yopdi, balki AQSH harbiy havo kuchlariga Ispaniya ustidan uchib o‘tishni ham man etdi. Bu Sanches uchun ichki siyosatda katta g‘alaba bo‘ldi — u “Yevropa qarshiligi”ning ramziga aylandi.
AQSHga “yordam qo‘lini cho‘zishni istamaganlar” orasida Fransiya ham bor. Ular Eronga hujum qilish operatsiyalarida qatnashayotgan samolyotlarga o‘z osmonini yopib qo‘ydi.

Hormuz bo‘g‘ozi: Dunyo iqtisodiyoti xavf ostida
Donald Trampning bayonotlari global neft bozorini sarosimaga soldi. Hormuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining qariyb 20 foiz qismi o‘tadi.
2024-yilda bo‘g‘oz orqali tashilgan qayta ishlanmagan neftning 84 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 83 foizi Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan edi.
Eronning bo‘g‘ozdagi nazorati AQSH neftining narxi dushanba kuni 2022-yildan beri ilk bor bir barreli uchun 100 dollardan oshishiga olib keldi. Ba’zi moliyaviy tahlilchilar, agar urush suv yo‘lida davomli uzilishlarga sabab bo‘lsa, narx bir barrel uchun 200 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Trampning “Agar Fransiya yoki boshqa davlatlar neft olmoqchi bo‘lsa, u yerga borib o‘zlarini himoya qilishsin” degan so‘zlari AQSHning o‘n yillar davomida amal qilib kelgan “global xavfsizlik kafolati” rolidan voz kechayotganini anglatadi. Bu esa energiya narxlarining keskin ko‘tarilishiga va fond bozorlarining qulashiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga AQSH prezidenti Donald Tramp maslahatchilariga, hatto Hormuz bo‘g‘ozi yopiq qolsa ham, Eronga qarshi urushni yakunlashga tayyorligini aytgani xabar qilingan.
O‘tgan oy davomida Tramp Hormuz bo‘g‘ozi masalasida omma oldida turli xil fikrlar bildirdi, bu esa urushning umumiy maqsadlari borasidagi qarama-qarshi bayonotlarining bir qismidir. U gohida, agar suv yo‘li ma’lum muddatgacha ochilmasa, fuqarolik energetika infratuzilmasini bombardimon qilish bilan tahdid qildi. Boshqa vaqtlarda esa, bo‘g‘ozning AQSH uchun ahamiyatini pasaytirib ko‘rsatib, uning ochilishini boshqa davlatlar hal qilishi kerak ekanini aytdi.
NATOning kelajagi so‘roq ostida
Vaziyatning eng xavfli jihati — NATOning “Kollektiv mudofaa”(5-modda) tamoyilining zaiflashishidir. Tramp ittifoqchilarni “qo‘rqoqlik”da ayblab, agar ular Eronga arshi urushda yordam bermasa, AQSH ham Yevropani himoya qilishda qatnashmasligini ochiq aytdi.
“Siz biz uchun u yerda bo‘lmaganingizdek, AQSH ham endi sizga yordam bermaydi”, deb yozdi Donald Tramp Truth Social’dagi sahifasida.

Bunga javoban Yevropa poytaxtlarida “bu bizning urushimiz emas” degan shior yangramoqda. Germaniya kabi davlatlar operatsiyaning muvaffaqiyatiga shubha bilan qaramoqda, Italiya esa AQSH ular bilan maslahatlashmasdan boshlagan urushni “qo‘llab-quvvatlamasligini” bildirdi.
Bugungi ziddiyat shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropa endi AQSHning har qanday harbiy tashabbusini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas. Trampning “Yevropa o‘zini o‘zi himoya qilishi kerak” degan talabi Ittifoqni o‘z harbiy qudratini yaratishga yoki boshqa geosiyosiy qutblarni qidirishga majbur qilishi mumkin.
Bugun tunda AQSH vaqti bilan 21:00 da Donald Trampning xalqqa murojaati kutilmoqda. Bu murojaat yo urushning tugashini, yo global ittifoqlarning butkul parchalanishini anglatishi mumkin.








