AQSH hukumati Rossiya bayrog‘i ostida suzuvchi uchta yirik kemaga nisbatan qo‘llangan cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotga tayanib “RBK” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sanksiyalar quyidagi kemalardan olib tashlangan:
- Fesco Moneron (konteyner tashuvchi kema);
- Fesco Magadan (konteyner tashuvchi kema);
- SV.Nikolay (yuk kemasi).
Marinetraffic kemalarni kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Fesco Moneron Magadan yaqinidagi Nagayev qo‘ltig‘ida, Fesco Magadan Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida, SV.Nikolay esa Azov dengizida suzmoqda.
Ushbu kemalar turli vaqtlarda cheklovlar ostiga tushgan edi. Jumladan, Fesco Moneron va Fesco Magadan kemalari 2022-yil 22-fevralda PSB leasing kompaniyasi bilan aloqalari sababli sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
SV.Nikolay yuk kemasi esa 2022-yil 6-aprelda cheklovlar ro‘yxatidan joy olgan. O‘shanda mazkur kema bilan birga Rossiyaning yana to‘rtta kemasi — SV.Konstantin, Lady Sevda, Lady Rania va Lady Leila ham sanksiyaga uchragan edi. AQSH Moliya vazirligi ushbu barcha kemalar Alfa leasing kompaniyasi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Rasmiy Moskva G‘arb tomonidan bir necha yildan beri davom etayotgan va tobora kuchayib borayotgan sanksiyalar bosimiga Rossiya dosh bera olishini bir necha bor ta’kidlagan. Rossiya rasmiylari “do‘st bo‘lmagan davlatlar” o‘z sanksiya siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishga jur’ati yetmayotganini qayd etib kelmoqda.
Shu bilan birga, G‘arb davlatlarining o‘zida ham bir tomonlama cheklovlarning samarasizligi borasida xavotirlar bot-bot yangramoqda.








