AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush xarajatlarini arab davlatlari qoplashini xohlamoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp tegishli chaqiriq bilan arab davlatlariga murojaat qilishi mumkin. Levitt shu tariqa jurnalistlarning arab davlatlari urushni qoplaydimi, degan savoliga javob berdi.
“O‘ylaymanki, prezident ularni bu tashabbusga taklif qilishdan manfaatdor bo‘ladi. Oldindan xulosa chiqarmoqchi emasman, lekin unda shunday g‘oya borligini bilaman va yaqin orada o‘zidan eshitasiz”, dedi Levitt.
U, shuningdek, Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatli davom etayotganini aytib, Tehronning ommaviy bayonotlari AQSH rasmiylariga murojaatidan farqlanishini ta’kidladi.
“Rejimning barcha ommaviy bayonotlari va yolg‘on xabarlariga qaramay, muzokaralar davom etmoqda va muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Albatta, oshkora aytiladigan gaplar bizga xususiy tarzda yetkaziladigan gaplardan ancha farqlanadi”, dedi u.
Levitt Eronning Vashingtonga yopiq tarzda bildirayotgan barcha gaplari tekshirilishini aytdi. Shuningdek, AQSH Tehronning bergan so‘zi uchun javobgarlikka tortilishini ta’minlashini bildirdi.
Tramp 29-mart kuni bergan bayonotida Erondagi yuqori martabali rahbarlarning aksariyati AQSH va Isroil hujumlarida yo‘q qilingani sababli mamlakatda rejim almashganini iddao qilgandi.
“Eronda rejim almashinuvi yuz berdi. Birinchi rejim tor-mor etildi, yo‘q qilindi, ularning hammasi o‘ldi. Keyingi rejimning ham deyarli barchasi halok bo‘ldi”, degan Tramp.
U Eron hozirda uchinchi rejim boshqaruviga o‘tgani va amerikalik muzokarachilar butunlay boshqa guruh bilan gaplashayotganini ta’kidlagandi.








