Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat armiyasiga Livan janubidagi harbiy amaliyotlarni kengaytirishni buyurdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
“Mavjud xavfsizlik bufer zonasini yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdim. Biz Isroilning shimolidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qat’iy qaror qilganmiz”, dedi Netanyaxu.
U, shuningdek, hududni nazorat qilishda “G‘azo modeli”ni qo‘llash niyatini bildirdi. Netanyaxuning bayonoti Isroil qo‘shinlari Livan janubida bir nechta yo‘nalishda oldinga siljib, Litani daryosi tomon harakatlanayotgan bir paytda yangradi.
28-fevral kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilgach, Livanning “Hizbulloh” guruhi qasos hujumlari bilan urushga qo‘shildi. Hozirda Isroil Livan hududlariga aviazarbalarni davom ettirmoqda.
Livan janubidagi Tir shahridan reportaj tayyorlagan Al Jazeera muxbiri Obaida Xitto so‘nggi soatlarda “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi janglar keskinlashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari Qantara shahridan janubda Litani daryosining irmoqlaridan biriga yetib kelgan. Xitto buni “katta strategik o‘zgarish” deb baholadi.
“Ular yetib kelgan irmoq Litani daryosidan atigi bir necha kilometr, ayrim joylarda esa bir necha yuz metr uzoqlikda joylashgan. “Hizbulloh”dan eshitganlarimizga asoslansak, bu katta jangga aylanadi”, dedi muxbir.
Livan 2-mart kuni urushga tortilganidan beri Isroil hujumlari tufayli kamida 1238 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida 124 nafar bola bor, 3,5 mingdan ortiq kishi yaralangan. Shanba va yakshanba kunlarining o‘zida 49 kishi, jumladan 10 nafar qutqaruvchi va 3 nafar jurnalist halok bo‘ldi. BMT mojaro sabab 1,2 milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lganini taʻkidladi.








