AQSH davlat kotibi Marko Rubio G7 tashqi ishlar vazirlariga Eron bilan urush yana ikki haftadan to‘rt haftagacha davom etishini aytdi. Bu haqda Axios manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Shuningdek, u hamkasblarini AQSH Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri “jiddiy muzokaralar” o‘tkazishga yaqin ekaniga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Vashington Tehron bilan faqat vositachilar orqali muloqot qilmoqda.
Shu bilan birga, Rubio muzokaralar sekin sur’atda davom etayotganini qo‘shimcha qildi. Vositachilarga Eron rasmiylari bilan muloqot qilish qiyin, chunki ular o‘z hayotiga xavf tug‘ilishidan qo‘rqishmoqda, dedi Davlat departamenti rahbari. Ular “kuzatuvga tushish va yo‘q qilinishdan qo‘rqib, o‘z telefonlaridan uzoqroq turishibdi”, deya Marko Rubioning so‘zlarini keltirdi Axios manbalari.
Muzokaralarda ishtirok etgan AQSH vakilining qo‘shimcha qilishicha, Vashington Tehronda aslida kim qaror qabul qilayotganiga ishonchi komil emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazmoqchi bo‘lgan ikki eronlik amaldor bor, ammo ularga yuqori rahbariyatning roziligi kerak.
G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlarining ikki kunlik uchrashuvi 26—27-mart kunlari Parijda bo‘lib o‘tdi. U “yettilik” va Yevropa Ittifoqi a’zolaridan tashqari Braziliya, Hindiston, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni vazirlarini ham to‘pladi. Bu Marko Rubioning Amerika va Isroilning Eronga zarbalari boshlanganidan beri birinchi xorijiy safari bo‘ldi.
Avvalroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi urush qachon tugashini ular hal qilishi, jang maydonidagi shartlar va urushning yakuni Eron qo‘lida ekanligi haqida ma’lum qilgandi. Tramp esa urushni ichki sezgisiga qarab tugatishi haqida gapirgan.








