Daryo

Nepalda sobiq reper bosh vazir etib saylandi

Balen taxallusi bilan tanilgan Balendra Shah qasamyod qabul qilishdan oldin mamlakat kelajagiga bag‘ishlangan yangi taronasini taqdim etdi. Qo‘shiq bir necha soat ichida 2 milliondan ortiq ko‘rildi.

2 daqiqa o‘qish4 108 ko‘rishlar0 izoh2

2025-yilgi yoshlar namoyishlaridan keyin Nepalda o‘tkazilgan ilk umumxalq saylovlarida reperlikdan siyosatga kirgan Balendra Shah mutlaq g‘alaba qozondi. Juma, 27-mart kuni 35 yoshli yangi siyosatchi bosh vazir sifatida qasamyod qabul qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Balen taxallusi bilan tanilgan Shahning hukumatga kelishi Nepal siyosatida yangi davr boshlanganidan dalolat bermoqda. Uning korrupsiya, qarindosh-urug‘chilik va elita boshqaruviga qarshi va’dalari o‘zgarish istagida bo‘lgan saylovchilarga ma’qul keldi.

Qasamyod marosimi oldidan Shah Nepal kelajagiga bag‘ishlangan yangi taronasini taqdim etdi. Bir necha soat ichida 2 milliondan ortiq ko‘rilgan ushbu qo‘shiqda u: “Birlashgan nepalliklar, bu safar tarix yaratilmoqda”, deya ijro etgan.

1990-yilda poytaxt Katmanduda tug‘ilgan Balendra Shah muhandislik mutaxassisligi bo‘yicha Nepal va Hindistonda tahsil olgan. U 2013-yilda mamlakatdagi yirik rep tanlovda g‘olib bo‘lgandan so‘ng mashhurlikka erishgan. Uning qora ko‘zoynak va qora kostyumdagi o‘ziga xos qiyofasi hamda ijtimoiy tengsizlikni tanqid qiluvchi qo‘shiqlari yoshlar orasida juda ommalashgan. Masalan, uning “Balidan” (Qurbonlik) hiti YouTube’da 13 million marta ko‘rilgan.

Siyosiy yo‘li

U 2022-yilda Katmandu meri saylovida g‘alaba qozondi. Shah shahar tozaligi va korrupsiyaga qarshi kurash bilan ajralib turdi, biroq noqonuniy binolarni buzish bo‘yicha bahsli qarorlari uchun tanqidga ham uchradi.

2026-yil mart oyida Rastriya Svatantra partiyasi (RSP) tarkibida umumiy saylovlarda qatnashib, sobiq bosh vazir Sharma Olini mag‘lub etdi.

Shahning hukumatga kelishiga 2025-yil sentyabr oyidagi namoyishlar katta turtki bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishi va ishsizlik sabab kelib chiqqan tartibsizliklarda 77 kishi halok bo‘lgan edi. Namoyishchilar uning Nepal Haseko (Tabassum qilayotgan Nepal) qo‘shig‘ini o‘zlariga madhiya qilib olgan.

Garchi Shah katta ishonch bilan saylangan bo‘lsa-da, uning boshqaruv uslubi borasida savollar bor. Inson huquqlari tashkilotlari uni merlik davrida ko‘cha savdogarlariga nisbatan politsiyadan haddan tashqari qattiqqo‘llik bilan foydalanganlikda ayblagan.

Endilikda yangi bosh vazir 1,2 million yangi ish o‘rni yaratish haqidagi va’dasini bajarishi, sud tizimini isloh qilishi, va iqtisodiy turg‘unlikka barham berishi kutilmoqda. Shuningdek, 2025-yildagi qonli namoyishlar bo‘yicha tergov xulosalarini amalga oshirish missiyasi ham bor.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar