Daryo

“Bolamning hayoti elektrga bog‘liq”. Kubada AQSH blokadasi o‘limlarga sabab bo‘lmoqda

Odamlar oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar sabab vafot etmoqda. Shifokorlar kimni qutqarish borasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda. Davlat ishchisining o‘rtacha oyligi 13 dollarga tushib qolgan.

2 daqiqa o‘qish2 999 ko‘rishlar0 izoh3

Kubada davom etayotgan energetik inqiroz va AQSH tomonidan o‘rnatilgan neft blokadasi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini halokat yoqasiga keltirib qo‘ydi. Mahalliy shifokorlarning ta’kidlashicha, shifoxonalardagi og‘ir sharoitlar tufayli oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlari soni keskin ortmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Gavanada yashovchi 21 yoshli Xorxe Peres Alvares kabi bemorlar uchun har bir daqiqa g‘animat. U genetik xastalik tufayli o‘pka ventilyatsiyasi qurilmasiga bog‘lanib qolgan.

“Bolamning hayoti elektrga bog‘liq”, deydi uning onasi.

Mamlakatda har kuni yuz berayotgan ko‘p soatlik uzilishlar sababli odamlar qurilma akkumulyatorlarini quvvatlantirishga ulgurmayapti. Bir paytlar kambag‘al davlatlar uchun namuna hisoblangan Kuba tibbiyoti bugun quyidagi muammolar bilan kurashmoqda:

Operatsiyalarning to‘xtatilishi. Yonilg‘i yo‘qligi sababli tez yordam mashinalari to‘xtab qolgan, shifokorlar ishga yetib kela olmayapti. Hozirda 96 400 nafar bemor jarrohlik amaliyotini kutmoqda.

Bolalar o‘limi. 2018-yilda har ming chaqaloqqa 4 ta o‘lim to‘g‘ri kelgan bo‘lsa (AQSHdan yaxshiroq ko‘rsatkich), 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 taga yetdi.

Dori-darmon taqchilligi. Zavodlar dizel yo‘qligi sababli dori ishlab chiqarishni to‘xtatgan. 30 mingdan ortiq bola vaksina ololmagan, 20 mingga yaqin bemor kimyoterapiya va dializ muolajalarini o‘z vaqtida ololmayapti.

Jon Hopkins universiteti eksperti Pol Shpigel Kubadagi vaziyatni Afg‘oniston, Ukraina va G‘azodagi inqirozli holatlarga qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar kimni qutqarish borasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.

Gavanadagi yirik pediatriya shifoxonasi anesteziologi Aliot Fernandesning aytishicha, elektr o‘chganida generatorlar ishga tushguncha hamshiralar chaqaloqlarning o‘pkasiga qo‘lda havo haydashga majbur bo‘lmoqda.

Kuba iqtisodiyoti chuqur resessiyani boshdan kechirmoqda. Davlat ishchisining o‘rtacha oyligi 13 dollarga tushib qolgan. Donald Tramp davrida boshlangan va hozirda kuchaytirilgan sanksiyalar tufayli Kuba xalqaro to‘lovlarni amalga oshira olmayapti, Yevropa va AQSH dori yetkazib beruvchilari esa shartnomalarni bekor qilgan.

Hukumat maktab va shifoxonalarga quyosh panellari o‘rnatish orqali vaziyatdan chiqishga urinmoqda, biroq yonilg‘i tanqisligi suv nasoslarining to‘xtashiga va oziq-ovqat narxining keskin oshishiga olib kelgan. Kubaga so‘nggi neft partiyasi 9-yanvarda kelgan. Endilikda barcha umidlar kelasi hafta yetib kelishi kutilayotgan Rossiya tankeridan bo‘lib turibdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar