Daryo

Trampning Eron bo‘yicha qarorini o‘zgartirgan maxfiy diplomatiya: Parda ortida nimalar yuz berdi?

AQSH prezidenti Yaqin Sharqdagi vositachilari tomonidan yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bir qator muzokaralardan so‘ng Eron elektr stansiyalariga zarba berish fikridan qaytdi. The Wall Street Journal Trampning qarorini o‘zgartirishga nima turtki bo‘lganini tahlil qilib chiqdi.

6 daqiqa o‘qish7 066 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH prezidenti Yaqin Sharqdagi vositachilari tomonidan yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bir qator muzokaralardan so‘ng Eron elektr stansiyalariga zarba berish fikridan qaytdi. Wall Street Journal  Trampning qarorini o‘zgartirishga nima turtki bo‘lganini tahlil qilib chiqdi.

O‘tgan haftada Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Riyodda Erondagi urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatish choralarini muhokama qilish uchun yig‘ilishdi.

Biroq, muhokamalarda ishtirok etgan arab rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Eron bilan muzokara olib borish uchun munosib sherik topish katta muammoga aylandi. 17-mart kuni Isroil Eron milliy xavfsizlik xizmati rahbari Ali Larijoniy o‘ldirilganini e’lon qildi. Larijoniy G‘arb bilan muloqot qila oladigan yetakchi sifatida ko‘rilayotgan edi.

Misr razvedkasi xodimlari Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ba’zi rasmiylarning aytishicha, ular o‘t ochishni to‘xtatishga ishonch hosil qilish uchun harbiy harakatlarni besh kunga to‘xtatib turish taklifini ilgari surganlar.

Ushbu muhokamalar AQSH prezidenti tomonidan Eron bo‘yicha kutilmagan qaror qabul qilinishiga zamin yaratdi.

Shanba oqshomida, dam olish kunlarini Mar-a-Lagodagi klubda o‘tkazayotgan Donald Tramp Eronga 48 soat ichida Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha ultimatum qo‘ydi. Aks holda AQSH harbiylari mamlakat elektr stansiyalarini "yo‘q qilishi" aytildi. Ikki kundan so‘ng, Riyoddagi muzokaralar haqidagi xabarlar Oq uyga yetib borgach, Tramp o‘z qarorini o‘zgartirdi — Tehron bilan diplomatiyani ma’qullab, tahdid qilingan zarbalarni vaqtincha to‘xtatdi.

Qarorning o‘zgarishi Yaqin Sharq vositachilari orqali o‘tkazilgan bir qator yopiq eshiklar ortidagi muhokamalardan so‘ng yuz berdi. AQSH rasmiylarining aytishicha, bu muloqotlar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligiga umid uyg‘otgan. Shuningdek, bu Tramp va uning ba’zi maslahatchilari urushni tezroq tugatish istagida ekanini bildiradi, chunki prezident mojaro tufayli yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy oqibatlarga duch kelmoqda.

"Bu nozik diplomatik muzokaralar hisoblanadi, AQSH matbuot orqali muzokara olib bormaydi", dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt. "Vaziyat o‘zgaruvchan va uchrashuvlar natijalari haqidagi xabarlar Oq uy tomonidan rasman e’lon qilinmaguncha yakuniy deb hisoblanmasligi kerak".

Foto: Google Images

Trampning Eron elektr stansiyalariga zarba berishni besh kunga qoldirishi haqidagi e’loni fond bozorida o‘sishga sabab bo‘ldi va Uoll-stritdagi haftalar davom etgan og‘riqli pasayishdan so‘ng prezidentga biroz yengil tin olish imkonini berdi.

Dow Jones va S&P 500 indekslari fevral oyi boshidan beri eng katta bir kunlik o‘sishni qayd etdi. Xalqaro me’yor bo‘lgan Brent nefti 11% ga pasayib, bir barreli 100 dollardan sal pastroqqa tushdi— bu 11-martdan beri eng past ko‘rsatkichdir.

Ammo arab vositachilari o‘zaro suhbatlarda AQSH va Eron tezda kelishuvga erisha olishiga shubha bildirishdi va ikki tomon o‘rtasidagi farq hali ham katta ekanini ta’kidlashdi. Trampning muzokaralar samarali bo‘lgani haqidagi da’vosi Eron rasmiylari tomonidan rad etildi; ular bunday muhokamalar o‘tkazilayotganini inkor qilishdi.

Eron kelishuvning asosiy sharti sifatida AQSH va Isroildan kelgusida hujum qilmaslik kafolatini talab qilmoqda. Tehron urush paytida ko‘rilgan zararlar uchun tovon puli talab qilmoqda. AQSH esa hali ham urush boshlanishidan oldingi talablarida qat’iy turibdi: Tehronning yadroviy dasturini to'xtatish, ballistik raketa dasturini "muzlatib qo‘yish" va proksi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga chek qo‘yish.

Ehtimoliy uchrashuv

AQSH va Arab hukumati vakillari hamda boshqa xabardor manbalarga ko‘ra, so‘nggi kunlardagi diplomatiya to‘lqini shu haftaning oxirida Pokiston yoki Turkiyada AQSH va Eron rasmiylari o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish masalasini kun tartibiga chiqardi. Rasmiylarning aytishicha, uchrashuv bo‘yicha muzokaralar hali yakunlanmagan.

Tramp kelishuvga intilishga tayyordek ko‘rinmoqda; 23-mart, dushanba kuni u jurnalistlarga ba’zi Eron yetakchilari AQSH-Eron munosabatlarida yangi davrni boshlashi mumkinligini aytdi. "Biz juda aqlli va kuchli deb hisoblagan ba’zi odamlar bilan ishlayapmiz", dedi u. "Ehtimol, ulardan biri biz xohlayotgan odam bo‘lib chiqar. Venesuelaga qarang, u yerda hammasi qanchalik yaxshi ketmoqda".

AQSH administratsiyasining yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Tramp Eron bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqida birinchi marta 21-mart kuni xabar topgan va bunga ijobiy munosabat bildirgan.

Hozircha Tehron muzokaralardan o‘zini uzoq tutmoqda. Eron parlamenti spikeri va mamlakatda qolgan oliy martabali amaldorlardan biri Muhammad Baqir G‘olibof Tehron Vashington bilan muzokaralarga hali tayyor emasligiga ishora qildi.

"Eron xalqi tajovuzkorlarning qattiq va afsuslanadigan darajada jazolanishini talab qilmoqda", deb yozdi u Trampning chiqishidan bir necha soat o‘tgach. U AQSH bilan hech qanday muzokaralar bo‘lmaganini ta’kidlab, bunday optimizm "moliya va neft bozorlarini manipulyatsiya qilish hamda AQSH va Isroil botib qolgan botqoqdan qutulish uchun ishlatilmoqda" deb qo‘shimcha qildi.

O‘tgan haftadagi maxfiy muzokaralar davomida arab yetakchilari asosiy e’tiborni dunyo neft eksportining 20 foizi o‘tadigan tor suv yo‘li — Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga qaratdilar.

Foto: Google Images

Muhokamalardan xabardor rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ular bo‘g‘ozni barcha kemalar xavfsiz o‘tishi uchun neytral qo‘mita tomonidan nazorat qilinishini taklif qilishgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa bunga javoban, xuddi Misr Suvaysh kanali bilan qilgani kabi, Eron ham tranzit kemalardan boj yig‘ishi kerakligini aytgan.

Fors ko‘rfazi rasmiylari boj g‘oyasiga e’tiroz bildirishdi. Saudiya Arabistoni qirollik Eronning bo‘g‘ozdagi operatsiyalarda ustunlikka ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Ular bunday kelishuv Eronning Fors ko‘rfazi energiya eksportiga bo‘lgan ta’sirini uzoq yillar davomida mustahkamlab qo‘yishidan xavfsirashmoqda.

Xabarlar almashinuvi davom etdi; Qatar, Ummon, Fransiya va Buyuk Britaniya ham o‘zlarining maxfiy kanallaridan foydalanishdi. Takliflar orasida Pokistonda AQSH va Eronning yuqori darajadagi rahbarlari uchrashuvini tashkil etish g‘oyasi ham bor edi va AQSH bu g‘oyani tezda qabul qildi.

AQSHni maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Jared Kushner bo‘lajak uchrashuvlarda vakillik qilishi mumkin, ammo kelishuv yaqin bo‘lsa, vitse-prezident J.D. Vens kelishi ehtimoli ham bor.

Tehron ehtimoliy uchrashuvga Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchini yuborishi mumkin, garchi Eron rasmiylari Araqchi va Uitkoff o‘rtasidagi avvalgi muvaffaqiyatsiz muzokaralarni takrorlashga ishtiyoqi yo‘qligini bildirishgan bo‘lsa-da. Hozircha G‘olibofning mamlakatni tark etishga va muzokaralarga qo‘shilishga tayyorligi, noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv e’tiborni AQSH Eron harbiy salohiyatiga jiddiy zarar yetkazishdan tashqari yana nimaga erishganiga qaratadi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, rejim zarba yegan bo‘lsa-da, hali ham butun, Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilmoqda va vayronalar ostida ko‘milgan yadroviy materiallariga ega bo‘lishi mumkin. AQSH hali ham mintaqaga ikkita dengiz piyodalari ekspeditsiya bo‘linmasini yubormoqda, ularning har biri uchta harbiy kemada taxminan 2200-2500 nafar dengiz piyodalaridan iborat.

Vens dushanba kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan gaplashdi, biroq Netanyaxu ommaviy ravishda faqat Tramp bilan bo‘lgan qo‘ng‘iroqni tasdiqladi. Shuningdek, ma’muriyat rasmiysiga ko‘ra, Tramp 23-mart dushanba kuni Pokiston armiyasi qo‘mondoni Asim Munir bilan gaplashgan.

Urushdan keyin Hurmuz bo‘g‘ozini kim nazorat qiladi?

Vashington endi yangi Oliy rahbar Mojtaba Xomanaiy (otasi, rafiqasi va singlisi havo hujumlarida halok bo‘lgan) boshchiligidagi yanada qat’iy Eron rejimi bilan muzokara olib boradi. Shu bilan birga, Hurmuz bo‘g‘ozining kelajagi borasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

Foto: Google Images

Urushdan keyin bo‘g‘ozni kim nazorat qilishi haqidagi savolga Tramp jurnalistlarga: "Balki men — men va oyatulloh, keyingi oyatulloh kim bo‘lsa o‘sha", deb javob berdi.

Tramp AQSH Tehronda hurmatga sazovor bo‘lgan yuqori martabali Eron rasmiysi bilan aloqada bo‘lganini aytdi, biroq u odamning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun ismini oshkor qilishdan bosh tortdi.

Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasining Yadro siyosati dasturi xodimi Nikol Grayevskining aytishicha, parlament spikeri G‘olibof Eronning siyosiy rahbariyati va harbiy guruhlarini kelishuvni qabul qilishga ko‘ndira oladigan sanoqli yuqori lavozimli amaldorlardan biri hisoblanadi.

64 yoshli G‘olibof IIQKning sobiq qat’iyatli qo‘mondoni, ammo u Tehron meri bo‘lib ishlagan davrlarida o‘zini pragmatik siyosatchi sifatida ko‘rsata olgan.

"G‘olibof xavfsizlik tuzilmalari nazarida katta nufuzga ega", dedi Grayevski.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar