Ukraina aholisi 2025-yilga kelib 20 million kishigacha kamaydi. 2014-yilda mamlakatda 40 milliondan ortiq kishi istiqomat qilgan. Bu haqda Britaniyaning New Statesman jurnali muharriri Uill Lloyd ma’lum qildi.
“Bir britaniyalik amaldorning menga aytishicha, 2014-yilda 40 milliondan sal ko‘proq deb baholangan Ukraina aholisi 2025-yilga kelib taxminan 20 milliongacha kamaygan. Bu ko‘rsatkich ochiq manbalarda e’lon qilingan aksariyat ma’lumotlardan ancha past”, deb yozdi Lloyd X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, u Ukrainaga ilk bor 2024-yilda kelganini va o‘shandan beri Yevropaning Ukrainadagi mojaroga qiziqishi so‘nib, e’tibor G‘azo sektori, Grenlandiya, Venesuela va Eronga qaratilayotganiga guvoh bo‘layotganini ta’kidlagan.
“Dunyoda tartibsizlik hukm surar, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tugab borayotgan qimmatbaho o‘q-dorilar Kiyevdan tortib Tel Aviv hamda Abu Dabigacha — hamma yerda zarur edi. Ukraina endi gazetalarning birinchi sahifalaridan o‘rin olmayotgandi”, deya qayd etgan Lloyd.
Ukraina 1991-yilda mustaqillikka erishganidan buyon jiddiy demografik muammolarni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda har bir tug‘ilgan chaqaloqqa uchta o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Ukrainada aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 2001-yilda o‘tkazilgan. O‘shanda mamlakat aholisi 48 million 457 ming kishini tashkil etgan.
Forbes Ukraine hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda Ukraina nazoratidagi hududda, taxminan, 30,5 million kishi istiqomat qilmoqda.
BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 17-aprel holatiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab Ukrainadan 6,918 million qochqin (Yevropada 6,358 million va undan tashqarida 0,56 million) qayd etilgan.








