Isroil 18-mart kuni Eronning Fors ko‘rfazi sohilidagi gaz sanoati obyektlariga zarba berdi. Asaluya sanoat shahri yaqinidagi dunyodagi eng yirik gaz koni hisoblangan “Janubiy Pars”ning ishlab chiqarish inshootlari nishonga olindi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Axios portali hukumatdagi manbalariga tayanib, zarbalar AQSH bilan kelishilgan va muvofiqlashtirilganini ma’lum qildi, prezident Donald Tramp esa buni rad etdi. Busher provinsiyasi gubernatori o‘rinbosarining gaz qazib olishga ixtisoslashgan bir nechta sanoat obyekti shikastlanganini aytdi. Rasmiylar aholini hujumga uchragan hududlarga yaqinlashmaslik haqida ogohlantirgan.
Eron davlat televideniyesiga ko‘ra, havo hujumlari oqibatida Fors ko‘rfazidagi yirik gaz konida joylashgan qazib olish qurilmasi shikastlanib, yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sodir bo‘lgan joyga o‘t o‘chirish guruhlari jo‘natilgan.
Dunyodagi eng yirik gaz koni
Asaluya yaqinida Eron Qatar bilan bo‘lishib foydalanadigan dunyodagi eng yirik “Janubiy Pars” gaz koni joylashgan. Bu mintaqa Eron energetikasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat ichki gaz ta’minotining qariyb 70 foizini qoplaydi. Eron tomonidan qazib olinadigan tabiiy gazning deyarli barchasi ichki iste’molga mo‘ljallangan.
Eron qo‘shnilariga tahdid qilmoqda
Eron o‘z gaz sanoatiga berilgan zarbalardan so‘ng “tajovuz manbasi”ga qattiq zarba berish hamda hujumlar amalga oshirilgan mamlakatlarning “yoqilg‘i, energetika va gaz infratuzilmasi”ga hujum qilish bilan tahdid qildi. Eron davlat televideniyesi “qonuniy nishonlar” ro‘yxatini e’lon qildi, unga Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarining neft va gaz obyektlari kiritildi.
“Cheklangan janglar davri tugadi, urush muvozanati esa keng qamrovli iqtisodiy urush tomon og‘di”, deya ta’kidladi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonligi. Qo‘mondonlik buni Eronning fuqarolik va hayotiy muhim infratuzilmasiga hujum qilingani bilan izohladi.








