Daryo

“Eronga qarshi urushni qoʻllab-quvvatlamayman” — AQSH aksilterror markazi rahbari ishdan ketdi

Joe Kent urush sababli iste’foga chiqqan Tramp ma’muriyatidagi birinchi yuqori lavozimli amaldor bo‘ldi. U urush Isroil bosimi ostida boshlanganini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish17 172 ko‘rishlar0 izoh45

AQSH Milliy aksilterror markazi direktori Jo Kent Erondagi urushga qarshilik bildirib, oʻz xohishi bilan iste’foga chiqdi. Bu haqda uning oʻzi X ijtimoiy tarmogʻida ma’lum qildi.

“Men sof vijdon bilan Eronda davom etayotgan urushni qo‘llab-quvvatlay olmayman. Eron mamlakatimizga bevosita tahdid solmagan va biz bu urushni Isroil hamda uning nufuzli Amerika lobbisi bosimi ostida boshlaganimiz aniq”, deb yozdi Kent.

U oʻz postiga Donald Tramp nomiga yozilgan iste’fo arizasining nusxasini ham ilova qilgan. The New York Times nashrining yozishicha, Kent Eron bilan urush sababli iste’foga chiqqan Tramp ma’muriyatidagi birinchi yuqori lavozimli amaldor bo‘ldi. U AQSHning amaldagi tashqi siyosatidan noroziligini ochiq e’lon qilgan ilk rahbarlardan biri hisoblanadi.

Milliy aksilterror markazi haqida

Ushbu markaz Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal qidiruv byurosi, Pentagon va Ichki xavfsizlik vazirligi xodimlarini birlashtiruvchi strategik tuzilmadir. Markaz AQSH Milliy razvedkasi direktori Talsi Gabbard idorasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Jo Kent Gabbardning asosiy maslahatchisi sanalib, ma’muriyat ichida ancha vazmin va ehtiyotkor tashqi siyosat tarafdori sifatida tanilgan edi.

Hozirda Tramp jamoasida Eron bilan urush borasida turlicha qarashlar mavjud. Masalan, Tramp vitse-prezident Jey Di Vens bilan bu borada “falsafiy kelishmovchiliklar” borligini tan olgan. Vens ochiqchasiga Islom Respublikasiga hujumni qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinsa-da, yopiq eshiklar ortida bunga faol qarshilik ko‘rsatib kelmoqda. U AQSH yangi urushlarga aralashishdan ko‘ra, koʻproq ichki muammolarga e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar