Daryo

AQSH harbiy amaldorlari Trampga urushni tugatish boʻyicha variantlar berdi

Harbiy reja AQSH agar Eronga bosimni kuchaytirmoqchi bo‘lsa, vaziyatni keskinlashtirish ssenariylarini ham o‘z ichiga oladi.

1 daqiqa o‘qish4 056 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH harbiy mulozimlari prezident Donald Tramp uchun Erondagi urushni to‘xtatishga doir turli variantlarni tayyorladi. Bu haqda maxfiy rejalardan xabardor bo‘lgan olti nafar manba NBC News telekanaliga ma’lum qildi.

Yaqin Sharqda mojaro ko‘lami kengayib, Eron strategik jihatdan muhim bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini nazoratda ushlab turgan bir paytda, urushni yakunlash shartlari va muddatlari hamon noaniqligicha qolmoqda. Trampning maslahatchilari va ittifoqchilari bu borada turli qarashlarga ega.

Jumladan, urushni tugatishni istayotganlar global iqtisodiy beqarorlikdan xavotirda. Boshqa maslahatchilar esa asosiy e’tiborni mintaqada Eron ta’sirini butkul kamaytirishga qaratgan.

Manbalardan biriga ko‘ra, urush davomiyligi bo‘yicha muddatlar “har kuni o‘zgarishi mumkin”. Harbiy amaldorlar urushdan chiqish variantlarini kundalik harbiy rejalarga kiritgan. Unda, agar AQSH Eronga bosimni kuchaytirmoqchi bo‘lsa, vaziyatni keskinlashtirish ssenariylari ham nazarda tutilgan.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning ta’kidlashicha, Tramp va Pentagon harbiy maqsadlarga to‘liq erishish uchun dastlab 4 haftadan 6 haftagacha vaqt ketishini hisob-kitob qilgan.

“AQSH harbiylari ulkan ishni amalga oshirmoqda va bu muddat o‘z kuchida qolmoqda. Operatsiya bosh qo‘mondon (Tramp) maqsadlarga erishilganini va Eron tahdidlari bartaraf etilganini aniqlaganida to‘xtatiladi”, degan Levitt.

​Tramp o‘tgan dam olish kunlari NBC News telekanaliga bergan intervyusida Eron urushni tugatishga tayyorligini, biroq “shartlar hali yetarlicha yaxshi emasligini” aytdi. U ushbu shartlar aynan nimalardan iborat ekaniga aniqlik kiritmadi. Biroq Tramp ommaviy chiqishlarida rejim o‘zgarishi, “shartsiz taslim bo‘lish” va Eronning yadroviy salohiyatini butkul yo‘q qilish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 16-mart kuni Tehron “o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaganini” va “bu qarshilikni hech qanday ikkilanishlarsiz davom ettirishini” ma’lum qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar