Daryo

AQSH Eronga qarshi urushga hozirgacha 12 mlrd dollar sarfladi

Tramp ma’muriyati hujumni davom ettirishi uchun yetarli va tasdiqlangan mablag‘ga egaligi ma’lum qilindi. Agar mablag‘larga ehtiyoj paydo bo‘lsa, Oq uyning tegishli tuzilmalari kongressga murojaat qiladi.

1 daqiqa o‘qish7 728 ko‘rishlar0 izoh3

AQSHning Eronga hujumi mamlakat g‘aznasiga hozircha (urushning 16-kuni) 12 milliard dollarga tushdi. Bu haqda Oq uy milliy iqtisodiy kengashi rahbari Kevin Hasset CBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Menga taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 12 milliard dollarni tashkil etmoqda. 12 milliard biz ayni damga qadar sarflagan mablag‘imizdir”, dedi Hasset.

U prezident ma’muriyatida operatsiyani davom ettirish uchun yetarli darajada tasdiqlangan mablag‘lar borligini aytdi. Agar mablag‘larga ehtiyoj paydo bo‘lsa, Oq uyning tegishli tuzilmalari kongressga murojaat qilishini ta’kidladi.

The New York Times nashri AQSH uchun Eron bilan urushning birinchi haftasi 6 milliard dollarga tushganini xabar qilgandi. Shundan 4 milliard dollari o‘q-dorilarga, avvalo raketa-tutib oluvchi tizimlarga sarflangan.

Uorton maktabi professori va moliyaviy tahlilchi Kent Smetters prognoziga ko‘ra, Eron bilan urushi Amerika iqtisodiyotiga 210 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Davom etayotgan mojaro allaqachon xalqaro savdo, global energiya bozorlari va yonilg‘i narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Biroq urush iqtisodiyotga qanchalik zarar yetkazishini aniq hisoblash qiyin. Sababi mojaroning ko‘lami va qancha davom etishiga bog‘liq bo‘ladi.

Iqtisodiy zarardan tashqari, AQSHning harbiy operatsiyasi yana 65 milliard dollar byudjet xarajatini talab qilishi mumkin. AQSH va Isroil 28-fevraldan beri Eronga zarbalar bermoqda. Tehron AQSHning harbiy bazalari va diplomatik missiyalari joylashgan Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga hujumlar bilan javob qaytarmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar