Daryo

Kuba 70 yillik “dushmani” AQSH bilan muzokaraga kirishdi

Gavana ilk bor Vashington bilan maxfiy muzokaralar o‘tkazayotganini tan oldi.

2 daqiqa o‘qish5 070 ko‘rishlar0 izoh3

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel 13-mart kuni Gavana va Vashington o‘rtasidagi ikki tomonlama ixtiloflarni hal qilish maqsadida muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqladi. Bu Kuba hukumati tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rasman tan olinishining birinchi holatidir. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Mazkur bayonot Kuba orol bo‘ylab ommaviy elektr uzilishlari va yonilg‘i taqchilligiga sabab bo‘lgan og‘ir energetik inqirozni boshdan kechirayotgan bir paytda yangradi.

Kuba hozirda o‘z mavjudligini saqlab qolish uchun Venesuela va Meksika yordamiga qaram bo‘lib qolgan. Biroq AQSH tomonidan Kubaga neft sotishga jur’at etgan har qanday davlatga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiyalar va tariflar orolning energiya ishlab chiqarish qobiliyatini falaj qilib qo‘ydi.

Dias-Kanelning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida orolga birorta ham neft partiyasi yetib kelmagan. U buni AQSHning “energiya blokadasi” bilan izohladi.

“Inqirozning ta’siri juda ulkan. Transport, aloqa va sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda, minglab jarrohlik amaliyotlari qoldirildi”, dedi Kuba yetakchisi.

Muzokaralar haqidagi e’londan bir necha soat oldin Kuba 51 nafar mahbus ozod etilishini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi bu qadam yaxshi niyat belgisi va Vatikan bilan munosabatlarga javoban amalga oshirilganini bildirdi.

Ozod etilayotganlar orasida siyosiy mahbuslar bor-yo‘qligi ochiqlanmadi. Prisoners Defenders tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil boshida Kubada 1200 nafardan ortiq siyosiy mahbus mavjud edi.

Dias-Kanelning bayonotidan so‘ng, AQSH rasmiylari davlat kotibi Marko Rubioning Kuba kommunistik hukumati bilan “maxfiy kanallar” orqali muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Rubio yaqinda Sent Kits va Nevisda bo‘lib o‘tgan Karib dengizi davlatlari yetakchilarining yig‘ilishida Raul Kastroning nabirasi — Raul Gilyermo Rodriges Kastro bilan yashirincha uchrashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda El Cangriejo (Qisqichbaqa) laqabi bilan tanilgan Rodriges Kastro prezident Dias-Kanelning ortida, yuqori martabali amaldorlar safida o‘tirgani ko‘ringan. Qizig‘i shundaki, 94 yoshli Raul Kastroning nabirasi hukumatda hech qanday saylanadigan lavozimga ega emas.

AQSH va Kuba o‘rtasidagi munosabatlar qariyb 70 yildan beri dushmanlik ruhida qolmoqda. Sobiq prezident Barak Obama davrida boshlangan “iliqlik” Donald Tramp hokimiyatga kelishi bilan barham topgan edi.

Tramp o‘tgan hafta Floridada Lotin Amerikasi yetakchilari bilan uchrashuvda Kubaga nisbatan “maksimal bosim” siyosatini davom ettirishini aytdi:

“Ularda pul ham, neft ham yo‘q. Ularning falsafasi ham, rejimi ham yomon. Ular ilgari Venesueladan pul va neft olishardi, endi esa u yerda ham pul qolmagan. Kuba tez orada qulaydi”, deya ta’kidladi Tramp.

Hozirda Kuba xalqi oziq-ovqat, dori-darmon taqchilligi va keskin inflyatsiya sharoitida yashamoqda. Mahalliy aholi vakili Elvis Ernandesning so‘zlariga ko‘ra, kubaliklar tushkunlikda va bu muzokaralardan aniq ijobiy natijalar kutmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar