AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokara olib borishdan manfaatdor emasligini aytdi. U Eronga qarshi urush Tehrondagi harbiy tuzilma yoki hokimiyatda qolgan rahbariyat bo‘lmaganda tugashi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Trampning aytishicha, agar Eronning barcha potensial yetakchilari o‘ldirilsa va Eron harbiylari yo‘q qilinsa, havo kampaniyasi keraksiz bo‘lishi mumkin. AQSH prezidenti Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda shunday bayonot berdi.
Maʼlum bir nuqtada, ehtimol, “Biz taslim bo‘lamiz” deyishga hech kim qolmaydi, dedi Tramp.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi 28-fevral kuni boshlandi. Islom respublikasi mazkur hujumlarga javoban AQSHning Yaqin Sharq davlatlaridagi obyektlariga zarbalar yo‘llamoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mintaqadagi keskinlikni yumshatish maqsadida qo‘shni davlatlarga qilingan hujumlar uchun ulardan uzr so‘radi. Biroq bu Erondagi qat’iy siyosat tarafdorlarining tanqidiga sabab bo‘ldi.
“Eron harakatlari oqibatida jabr ko‘rgan qo‘shni davlatlardan shaxsan uzr so‘rayman”, dedi Eron prezidenti.
Mas’ud Pezeshkiyon bu davlatlarni AQSH va Isroilning Eronga hujumlariga qo‘shilmaslikka chaqirdi. U Trampning so‘zsiz taslim bo‘lishi haqidagi talabini “xomxayol” deb atadi. Ammo mamlakatni vaqtinchalik boshqarayotgan rahbariyat kengashi agar Eronga zarbalar ularning hududidan amalga oshirilmasa, qo‘shni davlatlarga hujumlarni to‘xtatishga kelishib olganini aytdi.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganidan keyin mamlakatni uch kishidan iborat muvaqqat kengash boshqarmoqda. Uning tarkibiga prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy-Ejeiy va Oyatulloh Orif kiradi.
Tramp Eron oliy rahnamosini shaxsan tanlamoqchi
AQSH prezidenti Eronda hokimiyat tepasiga marhum oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li kelishiga qarshi. Tramp yangi oliy rahnamoni tanlashda shaxsan ishtirok etish niyatini bildirdi.
“Bekorga vaqt sarflashyapti. Xomanaiyning o‘g‘li — hech kim. Men Venesuelada Delsi (Rodriges) bilan bo‘lgani kabi tayinlovda ishtirok etishim kerak”, degan Tramp.
U AQSH harbiylari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketgach, uning lavozimini vaqtincha egallagan Rodrigesni nazarda tutgan.
Tramp avvalgi siyosatni davom ettiradigan har qanday voris AQSH uchun nomaqbul ekanini ta’kidlamoqda. Agar unga ma’qul nomzod tayinlanmasa, Qo‘shma Shtatlar “besh yil ichida yana urush boshlashiga to‘g‘ri kelishi”ni aytgan.
Avvalroq Tramp bu lavozimga “uchta juda yaxshi nomzod” borligini aytib, ularning nomini ochiqlamagandi. U, shuningdek, Eron hukumatining aksariyat a’zolari, agar Tehron Vashington bilan Venesuelada bo‘lgani kabi hamkorlikni boshlasa, o‘z lavozimlarini saqlab qolishi mumkinligiga va’da berdi. Tramp yangi rahbar “Eronga uyg‘unlik va tinchlik olib kelishi” kerakligini ta’kidlamoqda.








