AQSH va Isroilning Eronga zarbalari xalqaro huquqqa to‘g‘ri kelmaydi, ammo Tehronning o‘zi ham mintaqaviy xavfsizlikka tahdid soladi. Niderlandiya bosh vaziri Rob Yetten shunday fikr bildirdi.
“O‘tgan haftada Eronga qilingan hujumlar ham, Eronning mintaqa mamlakatlariga nisbatan qabul qilib bo‘lmaydigan javob choralari ham xalqaro huquq doirasidan tashqarida”, deya siyosatchining so‘zlarini keltirgan Politico nashri.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Eron uzoq yillardan beri “o‘z aholisi” va mintaqa barqarorligiga “tahdid solib kelayotgani” sababli hukumat AQSH va Isroilning birinchi zarbalarini ma’lum darajada “tushunadi”.
Biroq xalqaro hamjamiyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, diplomatik yechimlarni izlashda davom etishi kerak, dedi Rob Yetten.
Shu bilan birga, u AQSH va Isroil harbiy kampaniyasining aniq maqsadi tushunarli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. “Asosiy savol shuki: bu zarbalar qachon muvaffaqiyatli deb hisoblanadi?” dedi bosh vazir.
U AQSH va Isroil zarbalarining asl maqsadi nima ekanini aniqlash kerakligini aytdi. Avval Oq uy Eron bilan urushning maqsadlari haqida turli xil izohlar bergan. Biroq 6-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yakuniy maqsadi Islom respublikasi rahbariyatining “so‘zsiz taslim bo‘lishi” ekanini ta’kidladi.
Yettenning bayonotlari Niderlandiya pozitsiyasining boshqa yevropalik yetakchilar, xususan, Ispaniya va Fransiya qarashlariga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi. Bu davlatlar ham urushning qonuniyligiga shubha bildirgan.








