Daryo

Mark Sukerberg “milliarderlar bunkeri”dan 170 mln dollarlik hashamatli uy sotib oldi (foto)

Ushbu uy joylashgan Indian Krik oroliga kirish qat’iy nazorat qilinadi. Hudud yopiq qal’ani eslatadi: orol bo‘ylab maxsus qo‘riqlash tizimi o‘rnatilgan, radarlar va yuzlab videokameralar 24 soat davomida ishlaydi. Shu sababli bu dunyodagi eng xavfsiz turar joylardan hisoblanadi.

2 daqiqa o‘qish19 665 ko‘rishlar0 izoh18

Meta korporatsiyasi asoschisi Mark Sukerberg Mayamidagi eng qimmat va hashamatli ko‘chmas mulk egasiga aylandi. Mediamagnat va uning rafiqasi Prisskilla Chan Florida shtatidagi Indian Krik orolining yopiq hududidan ulkan xonadon xarid qildi. Yangi ko‘chmas mulk er-xotinga 170 million dollarga tushdi.

Aslida, uyning boshlang‘ich narxi bundan ham baland bo‘lgan. Uning sobiq egasi, taniqli plastik jarroh Aaron Kollins dastlab uyni 200 million dollarga ochiq savdoga qo‘ygan. Bitim jarayonida Sukerberg va uning vakillari narxni pasaytirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo baribir yakuniy summa Mayami uchun mutlaq rekord hisoblanadi.

Foto: Ferris Rafauli
Foto: Ferris Rafauli

Taqqoslash uchun, shu vaqtga qadar shahardagi eng qimmat turar joy rossiyalik milliarder Vladislav Doroninga tegishli edi. U 2025-yilda Star Aylend orolidagi uy uchun 120 million dollar to‘lagan edi.

Yangi uy “milliarderlar bunkeri” deb ataladigan hududda joylashgan. Indian Krik aslida sun’iy orol bo‘lib, u yerga kirish qat’iy nazorat qilinadi. Hudud yopiq qal’ani eslatadi: orol bo‘ylab maxsus qo‘riqlash tizimi o‘rnatilgan, radarlar va yuzlab videokameralar 24 soat davomida ishlaydi. Shu sababli bu dunyoning eng xavfsiz turar joylaridan hisoblanadi.

Foto: Ferris Rafauli
Foto: Ferris Rafauli

Orol faqat badavlat va mashhur insonlar yashaydigan eksklyuziv hudud hisoblanadi. Bu yerda ko‘chmas mulk sotib olganlar orasida Jeff Bezos, Jared Kushner va Ivanka Tramp, shuningdek, mashhur xonanda Hulio Iglesiasning oilasi ham bor. Bundan tashqari, orolda sobiq amerikalik futbolchi Tom Bredi, bir qator siyosatchilar ham yashaydi.

Orolda atigi 40 ta hashamatli qarorgoh mavjud. Qolgan hududni esa yopiq klub, katta golf maydoni va faqat orol aholisi foydalanishi mumkin bo‘lgan maxsus infratuzilma egallaydi.

Foto: Ferris Rafauli
Foto: Ferris Rafauli

Taniqli dizayner Ferris Rafauli ijtimoiy tarmoqlarda Sukerberg saroyining 3D loyihalari bilan bo‘lishdi. Maydoni 2,5 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi ushbu ulkan qarorgohda yirik yaxtalar uchun shaxsiy prichal, palmalar bilan o‘ralgan favvoralar, keng basseynli dam olish hududi, jaz launj va salobatli spa zona loyihalashtirilgan. Bino devorlari oq marmar kabi tabiiy va qimmatbaho materiallar bilan bezatilib, umumiy ko‘rinishi haqiqiy saroyni yodga soladi.

Foto: Ferris Rafauli
Foto: Ferris Rafauli

Mazkur uy Sukerbergga tegishli yagona ko‘chmas mulk emas. Milliarderning Kaliforniya, Vashington va Gavayida ham bir qator hashamatli uylari bor. Ammo u vaqtining asosiy qismini Silikon vodiysining yuragi hisoblangan Palo Altodagi xonadonida o‘tkazishni yoqtiradi.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar