Mashhurlar hayoti doimo jamoatchilik e’tiborida. Kimdir paparatsilardan yashirinish uchun mehmonxonalarda yashashni tanlasa, boshqalar shaxsiy hayot osoyishtaligi va qulayligi uchun ulkan mablag‘ sarflashga tayyor. Shou-biznes olamida kimnidir ajablantirish qiyin, ammo ayrim mashhurlarning turar joylari hatto ko‘pni ko‘rgan muxlislarni ham hayratga soladi.
Devid va Viktoriya Bekhem : sharsharali hovli va shaxsiy yaxta
Devid va Viktoriya Bekhem 2025-yilda Janubiy Kaliforniyada joylashgan yangi hashamatli koshonani xarid qilgani haqida ma’lum qildi.
1300 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan bu majmua to‘qqizta yotoqxona, spa-markaz, zamonaviy sport zali va shaxsiy yaxta to‘xtash joyiga ega. Hovlisida bir nechta basseynlar va sharshara joylashgan bo‘lsa, uy ichkarisida shaxsiy kinoteatr, ish kabineti, keng oshxona va mehmonlar uchun zal mavjud. Panoramali derazalar orqali ochiladigan ko‘rfaz manzarasi esa bu qarorgohni yanada betakror qiladi. Bekhem lar ushbu uy uchun 70 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.
Teylor Svift: okean bo‘yidagi qal’a va xususiy plyaj
Xonanda Teylor Svift o‘zining didi va nozik estetik qarashlari bilan ajralib turadi. Qo‘shiqchi Atlantika okeani sohilida joylashgan, 1930-yillarda qurilgan tarixiy uy egasi. Qal’aga o‘xshash bu xonadon 1020 kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, Teylorga 17 million dollarga tushgan.
Uy ichida biroz sokin va qorong‘i muhit hukm sursa-da, bu joy nihoyatda shinam. Sakkizta yotoqxonaning har birida kamin mavjud, shuningdek, o‘nta hammom va shaxsiy ovoz yozish studiyasi ham bor. Uyga xususiy plyaj zonasi biriktirilgan.
Beyonse va Jay-Z: san’at va minimalizm uyg‘unlashgan ulkan saroy
Agar hashamat haqida gap ketadigan bo‘lsa, Beyonse va Jay-Z juftligini yodga olish mumkin. Ular Malibu hududida joylashgan, qiymati 200 million dollarga baholangan koshonani sotib olib, Kaliforniyadagi eng qimmatbaho xonadon egalariga aylandi.
Ushbu bino mashhur yapon arxitektori Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lib, yorug‘likning ko‘pligi va minimalizm uslubi bilan ajralib turadi. Qarorgohning umumiy maydoni 3700 kvadrat metrga yaqin. Panoramali derazalar orqali Tinch okeanining go‘zal manzarasi ochiladi. Uyda alohida san’at galereyasi ham mavjud. Er-xotinning kolleksiyasida Endi Uorxol kabi mashhur rassomlarning asl asarlari bor.
Tayger Vuds: orolda joylashgan qasr va shaxsiy sport shaharchasi
Golf afsonasi Tayger Vuds o‘z ehtiyojlariga mos ravishda oddiy uy emas, balki to‘laqonli sport majmuasini barpo etgan. Florida shtatidagi Yupiter orolida joylashgan bu qarorgoh professional sportchi hayotiga moslashtirilgan.
Hovlisida maxsus golf maydoni mavjud. Bundan tashqari, basketbol maydoni, tennis korti, 30 metrli basseyn, spa-salon va yaxtalar to‘xtashi uchun maxsus joylar mavjud. Ushbu xonadon Tayger Vuds uchun sport faoliyatini yakunlaganidan keyin ham jismoniy formani saqlash imkonini beruvchi shaxsiy sport bazasiga aylantirilgan. Turli manbalarga ko‘ra, mulkning qiymati 70 million dollarga yetadi. E’tiborlisi, Vuds bu uyini noldan boshlab barpo qilgan.
Jennifer Eniston: noodatiy tarixga ega hashamatli uy
Jennifer Enistonning uyi nafaqat hashamati, balki o‘ziga xos tarixi bilan ham e’tiborni tortadi. Bu qarorgoh bir vaqtlar aktrisa va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pittga tegishli bo‘lgan. Ular 2001-yilda uyni sotib olib, katta rekonstruksiya ishlarini amalga oshirgan.
Ajrimdan so‘ng uy sotilgan bo‘lsa-da, Jennifer Eniston keyinchalik bu qarordan afsuslanganini yashirmagan. Yillar o‘tib, Pitt Anjelina Joli bilan ajrashgach, sobiq rafiqasiga kutilmagan sovg‘a taqdim etgan va shu uyni Jenniferga 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan hadya qilgan.
Qiymati 79 million dollar bo‘lgan bu koshona beshta yotoqxona, o‘n uchta hammom, tennis korti va ulkan basseynga ega.








