Daryo

Tergov Erondagi maktabga hujumda AQSH javobgar ekaniga ishora qilmoqda — Reuters

Amerikalik ikki rasmiy 165 nafar qizning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum ortida AQSH kuchlari turgani ehtimolini yuqori baholadi. Tergov bo‘yicha yakuniy xulosaga kelinmagan.

1 daqiqa o‘qish14 152 ko‘rishlar0 izoh14

AQSH harbiy tergovchilari Erondagi qizlar maktabiga berilgan zarba ortida AQSH kuchlari turgan bo‘lishi ehtimolini yuqori baholamoqda. Bu haqda amerikalik ikki rasmiyga tayanib Reuters xabar berdi.

AQSHda maktabga hujum yuzasidan tergov olib borilmoqda, biroq hali yakuniy xulosa chiqarilmagan. Hujumni Isroil yoki AQSHdan qaysi biri amalga oshirgani, shuningdek, maktab nima sababdan nishonga olingani hozircha noma’lum. AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset 5-mart kuni harbiylar ushbu hodisa bo‘yicha tekshiruv olib borayotganini tasdiqlagan.

Rasmiylar yangi dalillar paydo bo‘lib, AQSHning bu hodisaga aloqasi yo‘qligini ham ko‘rsatishi mumkinligini inkor etmadi. Eronning Minab shahridagi qizlar maktabi 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Islom respublikasiga qarshi hujumlari boshlangan birinchi kun nishonga olingan. Hujum oqibatida 165 nafar o‘quvchi qiz halok bo‘lgan.

Reuters tergov yana qancha davom etishi yoki yakuniy baho chiqarish uchun AQSH tergovchilari yana qanday dalillarni o‘rganayotganini aniqlay olmadi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio 2-mart kuni jurnalistlarga Qo‘shma Shtatlar ataylab maktabga hujum qilmasligini aytdi.

“Agar bu bizning zarbamiz bo‘lsa, buni Mudofaa vazirligi tekshirib ko‘radi”, degan u.

BMT Inson huquqlari boshqarmasi ham hujum yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Agar maktab yoki shifoxona kabi fuqarolik obyektlariga ataylab zarba berilgani tasdiqlansa, bu xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra harbiy jinoyat hisoblanishi mumkin.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar