Daryo

Meksikalik “El Mencho” oltin tobutda ko‘mildi

Mamlakatning eng qudratli narkobaroni Nemesio Osegera Servantes Meksika harbiylari o‘tkazgan maxsus operatsiya davomida o‘ldirilgan edi.

2 daqiqa o‘qish9 852 ko‘rishlar0 izoh6

Meksikaning eng nufuzli jinoiy guruhlaridan biri — “Xalisko yangi avlod” karteli yetakchisi Nemesio Osegera Servantes 2-mart kuni Gvadalaxara shahrining Zapopan chekka tumanidagi qabristonga oltin tobutda ko‘mildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

59 yoshli sobiq politsiyachi Servantes 22-fevral kuni Meksika harbiylari o‘tkazgan operatsiya davomida olgan jarohatlari tufayli vafot etgandi.

“El Mencho” laqabi bilan tanilgan narkobaronning jasadi yaltiroq oltin tobutga solinib, dafn marosimida ulkan gulchambarlardan foydalanildi va katta miqdordagi harbiy kuchlar qatnashdi. Quyoshli ob-havoda, ko‘plab motam tutuvchilar qora soyabonlar ostida harakatlandi. Marosimda Meksika milliy musiqasi — banda sadosi jarang sochdi.

Federal mulozim dafn joyini tasdiqlagan bo‘lsa-da, bu masalani muhokama qilish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun ismini oshkor etmaslikni so‘radi. Mamlakat Bosh prokuraturasi esa “xavfsizlik nuqtayi nazaridan” dafn joyini tasdiqlashdan bosh tortdi.

“Xo‘rozlar sohibi”ning so‘nggi yo‘li

Yakshanba, 1-fevral kunidan buyon gulchambarlar keltirilayotgan motam uyi atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan edi. Ayrim gulchambarlarda xo‘roz tasviri aks etgani diqqatni tortgan — Osegera Servantes ko‘pincha “Xo‘rozlar sohibi” deb atalgan.

O‘lim haqidagi guvohnomaga ko‘ra, Meksika armiyasi o‘tgan hafta narkobaronni qo‘lga olish operatsiyasi chog‘ida uni otib o‘ldirgan. Mudofaa vaziri Rikardo Trevillaning ma’lum qilishicha, Tapalpa (Xalisko shtati) shahridagi uy yaqinida yuz bergan otishmada kartel rahbari va uning ikki nafar tansoqchisi og‘ir yaralangan. Ularning barchasi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.

Hujjatda Servantesning ko‘krak, qorin va oyoq qismlaridan o‘q jarohati olgani qayd etilgan. Uning jasadi dastlab Mexiko shahriga olib borilib, autopsiya (ekspertiza) qilingan va 28-fevral kuni oilasiga topshirilgan.

Narkobaronning o‘limi Meksikaning 20 ga yaqin shtatida ommaviy tartibsizlik to‘lqinini keltirib chiqardi. Kartel a’zolarining qasos hujumlari oqibatida jami 70 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Hukumat hozirda guruhning boshqa yuqori martabali a’zolariga qarshi operatsiyalarni davom ettirmoqda.

Shuningdek, o‘lim guvohnomasida Servantesning krematsiya qilinmasdan, aynan dafn etilishi (ko‘milishi) shartligi belgilangan. Bu zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘lim holatlarida kelgusida qo‘shimcha sud-tibbiy dalillar yig‘ish zarurati tug‘ilishi mumkinligi bilan bog‘liq standart amaliyotdir.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar