Daryo

“Hamma farzandlarim bilan bir kuni, albatta, birlashamiz”. Yigitali Mamajonov hayotdagi xatolari va ota-onalik mas’uliyati haqida gapirdi

“Bugungi kunda uch farzandni tarbiya qilyapman. Hammasi boʻlib oltita bolam bor. Xudo xohlasa, bir kuni hamma farzandlarim bilan birlashamiz deb umid qilaman”, deydi aktyor.

2 daqiqa o‘qish40 189 ko‘rishlar0 izoh45

Taniqli aktyor Yigitali Mamajonov “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” ko‘rsatuviga bergan intervyusida bugungi kundagi hayoti va dunyoqarashidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.

“Butun Oʻzbekiston meni abyuzer er deb biladi”

Foto: Instagram

— Butun Oʻzbekiston meni negadir vahshiy, abyuzer erlar qatorida deb biladi. Turmushi oʻxshamagan, baxtsiz ayollarning taqdiriga men sababchi emasman. Shunchaki hayot shunday ekan. Agar hayotdagi yutuqlarim va xatolarimga qarab muhokama qiladigan boʻlsalar, bu adolatdan emas. Chunki men ham hamma kabi oddiy, xatolarga boy insonman. Beayb — parvardigor.

Filmlardagi rollarimga qarab hayotda ham meni ideal deb oʻylamanglar. Bu hayotda hamma narsa boʻlarkan. Insonlar xato qilarkan, soʻng shu xatoni tuzatishar ham ekan. Balki ideal ota, er boʻlolmagandirman.

Mana, endi xatolarimni toʻgʻrilab, ideal oila boshi boʻlishga harakat qilyapman. Bularni aytib maqtanish niyatim yoʻq. Shunchaki ustimda ishlab, hayotimni oʻz iziga tushiryapman, demoqchiman.

“Nohaq ayblov hammaga ogʻir botadi”

Foto: Instagram

— Bugungi kunda odamlarning gap-soʻzlari taʼsir qilmay qoʻydi. Bu boʻyicha menda yaxshigina immunitet hosil boʻldi. Lekin baribir nohaq ayblov manaman degan erkakka ham ogʻir botadi.

Baʼzi odamlarning fikricha, yaxshi odam edim-u, yomonga aylanib ketdim. Hatto sotqinga ham chiqarib qoʻyganlar boʻldi. Shundan soʻng qayerda xato qilayotganimni qidirdim. Bu borada oʻzim bilan juda koʻp suhbatlashdim va xatomni topdim.

Koʻp muammolarni yaratib, uni ommaga olib chiqib, soʻngida bu muammolarga javob berib, oʻzimni oqlamaganim ekan xatom.

“Qattiqqoʻl otaman”

Foto: Instagram

— Bugungi kunda uch farzandni tarbiya qilyapman. Hammasi boʻlib oltita bolam bor. Xudo xohlasa, bir kuni hamma farzandlarim bilan birlashamiz deb umid qilaman. Bolalar tarbiyasida ularning xulq-atvoriga ahamiyat beraman. Shuning uchun birinchi navbatda bolalarimga farosat, mehmonga borganda oʻzni qanday tutish kerakligi, odobni oʻrgatyapman. Erkak ham, ayol ham chiroyli xulq-atvori bilan goʻzal. Farzandlarini erkalatadigan, mehribon ota emasman. Chunki har bir oilada erkakning oʻz oʻrni boʻlishi kerak.

Qattiqqoʻl otaligimga yana bir sabab — ayolim bolalarimizga juda mehribon. Shuning uchun onasining gapiga quloq solishmaydi, deydi u.

“Ayol vazifalarini unutsa mayli-yu, erkak masʼuliyati kamaysa, ayol darrov qurbonga aylanadi”

Foto: Instagram

— Oʻzbek mentalitetida hamma masʼuliyat erkak kishida boʻladi. Bu, albatta, tabiiy. Lekin oxirgi paytlarda ayol vazifalarining hech qaysi biri bajarilmasa ham, erkak masʼuliyati hech qanday kamayishi kerakmas, deb talab qilishmoqda.

Agar shunday vaqtda erkak masʼuliyati ham kamaya boshlasa, ayol kishi qurbonga aylanib, erkakni yomonlay boshlashadi. Shundan soʻng erkakka atrofdan har xil hujumlar boshlanadi. Bu esa ayollarimizning ilm izlamayotganidan dalolat, deydi Yigitali Mamajonov. 

“Erkak ayolini boshida koʻtarib yursa, muvozanat buziladi”

“Erkak qanday ayolni boshida koʻtarib yuradi?” degan savolga aktyor quyidagicha javob berdi:

Foto: Instagram

— Faqat onani boshda koʻtarib yurish mumkin, ayolini emas. Chunki aksincha boʻlsa, muvozanat buziladi. Erkak ayolini yaxshi koʻrishi, unga mehr berishi kerak. Baxtning yana bir kaliti erkak va ayol oʻz chegaralarini nazorat qilib turishi kerakligida deb bilaman, deydi aktyor.

Qashqadaryo viloyatidanman. 2024-yilda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yildan buyon Lifestyle tahririyati muxbiri lavozimida ishlayman. Dostoyevskiy asarlarini, Rashod Nuri Guntekinning “Yashil kecha”sini, oʻzbek adabiyotidan “Ikki eshik orasi”, “Muvozanat” asarlarini sevib mutolaa qilaman. “Oq kema”(Chingiz Aytmatov asari), “Yettinchi boʻlmadagi moʻjiza” (Turkiya),“Majnuntol” (Eron) filmlarini yaxshi koʻrib tomosha qilaman.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar