Turkiya Mudofaa vazirligi 4-mart kuni Eron tomonidan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik saytida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, raketa Iroq hamda Suriya havo hududlari orqali Turkiyaga kirgan. U Sharqiy O‘rta Yer dengizida joylashtirilgan NATOning havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan o‘z vaqtida urib tushirilgan. Raketa qoldiqlari Hatay provinsiyasiga tushgan. Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Vazirlik Turkiya o‘z hududini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ta’kidladi va Anqara “mamlakatga qarshi har qanday dushmanlik harakatlariga javob berish” huquqini o‘zida saqlab qolishini eslatdi.

Turkiya mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, tahdid kimdan va qayerdan kelishidan qat’iy nazar, o‘z hududi va fuqarolari xavfsizligini ta’minlashga qodir. Hududimiz va havo kengliklarimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralar qat’iyat bilan va ikkilanmasdan ko‘riladi.


Mamlakatimizga qarshi har qanday dushmanona harakatga javob qaytarish huquqini o‘zimizda saqlab qolishimizni eslatib o‘tamiz. Barcha tomonlarni mojaroning mintaqa bo‘ylab tarqalishiga olib keladigan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz, deyiladi vazirlik bayonotida.