Daryo

AQSH kurdlarni qurollantirib, Eronda xalq qoʻzgʻolonini qoʻzgʻatmoqchi — CNN

Tramp ma’muriyati Erondagi muxolifat guruhlari va Iroqdagi kurd yetakchilari bilan muzokara olib bormoqda. AQSH va Isroil ularga harbiy yordam koʻrsatishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish20 856 ko‘rishlar0 izoh10

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eronda xalq qo‘zg‘olonini qo‘zg‘atish uchun kurdlarni qurollantirish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda reja bilan tanish bo‘lgan bir necha kishi CNN telekanaliga xabar berdi.

Manbalarning aytishicha, prezident Donald Tramp ma’muriyati Erondagi muxolifat guruhlari va Iroqdagi kurd yetakchilari bilan muzokara olib bormoqda. Tomonlar harbiy yordam koʻrsatish masalasini muhokama qilmoqda.

Eronlik kurd qurolli guruhlari minglab jangchilarga ega bo‘lib, ular asosan Iroqning Kurdiston hududida, Eron-Iroq chegarasi bo‘ylab faoliyat yuritadi. Kurd guruhlari urush boshlangach ommaviy bayonot berib, Eron harbiy kuchlarini chekinishga chaqirdi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ularga zarba berib kelmoqda. 3-mart kuni kurd guruhlari oʻnlab dronlar yordamida nishonga olingan. Shu kuni Tramp Eron Kurdiston Demokratik partiyasi prezidenti Mustafo Hijriy bilan telefon orqali gaplashgan. IIQK zarbalari shu tashkilotga ham qarshi qaratilgan.

“Erondagi kurd muxolifat kuchlari yaqin kunlarda g‘arbiy Eronda quruqlikdagi operatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda. Bizda katta imkoniyat borligiga ishonamiz”, dedi eronlik kurdlarning yuqori martabali rasmiysi CNN telekanaliga.

U kurd qurolli guruhlari AQSH va Isroilning qo‘llab-quvvatlashini kutayotganini maʻlum qildi.

“Tramp 1-mart kuni Iroq kurdlari yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilib, Erondagi harbiy operatsiyada AQSH va kurdlar birgalikda qanday ishlashi mumkinligini muhokama qilgan”, dedi AQSHning ikki rasmiysi va suhbatlardan xabardor bo‘lgan uchinchi manba.

AQSH eronlik kurd guruhlarini qurollantirish uchun Iroq kurdlarining roziligini olishi kerak. Chunki qurollar Iroq hududi orqali olib o‘tiladi. Muhokamalardan xabardor bo‘lgan shaxs rejani quyidagicha ta’rifladi:

Kurd qurolli kuchlari Eron xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumga o‘tishi va ularning e’tiborini chalg‘itishi kerak. Bu esa qurolsiz eronliklarning yirik shaharlarda koʻchalarga chiqishini osonlashtiradi.

AQSHning boshqa bir rasmiysi kurdlar mintaqada tartibsizlik keltirib chiqarishi va Eron harbiy resurslarini tarqoq holatga keltirishga yordam berishi mumkinligini aytdi. Boshqa takliflarga ko‘ra, kurdlar Eronning shimolida ayrim hududlarni egallab turishi va shu orqali Isroil uchun bufer zona yaratish ehtimoli mavjud.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar