Daryo

“Valyuta kursini ushlab turish imkonsiz” — Markaziy bank raisi o‘rinbosari pul narxi birjada shakllanishini aytdi

Nodirbek Ochilov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda suzuvchi almashuv kursi rejimi ishlamoqda. Bunda valyuta narxida tebranuvchanlik muhim sanaladi. Yaʼni kursni qat’iy bir qiymatda ushlab bo‘lmaydi.

3 daqiqa o‘qish4 869 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekistonda valyuta kursi birjada shakllanadi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov 27-fevral kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan eksportyorlar bilan uchrashuvda maʼlum qildi. 

“Daryo” muxbiri xabariga ko‘ra, muloqotda bank va birja vakillari tadbirkorlar bilan valyuta almashuv kursi haqida suhbatlashgan. Tadbirda Nodirbek Ochilov Markaziy bank valyuta kursini belgilamasligini tushuntirgan.

“Kurs birjada shakllanadi”

Markaziy bank raisi o‘rinbosari almashuv kursi valyuta birjasida shakllanishiga alohida urg‘u berdi. Tadbirkorlarni kursni regulyator belgilaydi degan gaplarga ishonmaslikka chiqardi.

“Agar qaysidir bank kursga taʼsir qilib, uni oshirmoqchi bo‘lsa, oshirsin. Pasaytirmoqchi bo‘lsa, birjaga kirib pasaytirsin. Banklarga bu vakolat berilgan. Agar sizda ilova bo‘lsa, bugunning o‘zida kursni 50 so‘m yoki 100 so‘mgacha pasaytirishingiz mumkin. Bu faqat valyuta oqimlaridan, pozitsiyasidan kelib chiqadi. Tushunishingizni xohlardikki, valyuta bozorida ham xuddi o‘zimizning oddiy tovar yoki xizmatlar bozori singari valyuta resurslari qayta taqsimlanadi, oldi-sotdi bo‘ladi. Bu bozorda qonuniyatlar bor. Qonuniyatlarning eng katta belgilovchisi —talab va taklif. Bizning maqsadimiz inflyatsion bosimlarni bartaraf etishdan iborat”, dedi u.

Foto: “Daryo”

Nodirbek Ochilovning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti faqatgina oltinga qaram emas. Qator sohalarda ishlab chiqarish hajmlari o‘smoqda. Shu bois, xuddi arab yoki MDH davlatlardagi kabi fiksirlangan kurs siyosatini qo‘llashning imkoni yo‘q.

Fiksatsiya — Markaziy bank maʼlum kursni qatʼiy taʼminlab berishi kerak degani. Bunda tanlangan kurs uchun Markaziy bank o‘zining rezervlarini “yoqishi” zarur bo‘ladi. Narxni ushlab turish uchun barcha instrumentlarni ishga solishga asoslangan fiksirlangan valyuta kursining o‘ziga yarasha talablari bor. Uni bajarishga davlatga juda katta valyuta tushumlari, yirik miqdordagi valyuta zaxirasi kerak. Biz u yo‘ldan ancha ketib bo‘lganmiz. Bizning yo‘limiz suzuvchi kurs tomon bo‘ladi. Shu bilan birga, makroiqtisodiy, inflyatsiyani jilovlash kabi parametrlar barqarorligini taʼminlashni maqsad qilganmiz, dedi mutaxassis.

​Suzuvchi almashuv kursi

Nodirbek Ochilov valyuta kursi pozitsiyalari bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasining tavsiyasi mavjudligini aytdi. Unga ko‘ra, agar olti oy davomida valyuta kursi tebranishi 2 foiz yuqori, 2 foiz quyi — o‘rtacha 4 foizlik koridordan chiqsa, bevosita (erkin)suzuvchi almashuv kursi deyiladi. Agar tebranish 4 foizning ichida bo‘lsa, boshqariladigan suzuvchi kurs sifatida ko‘riladi. Yoki 1 foiz doirasida tebransa, boshqariladigan, qotgan yoki fiksatsiya qilingan kurs deyiladi.

“O‘tgan yilgi o‘rtacha kursimiz 12 575 so‘mni tashkil etdi. Yil davomida kurs yuqoriga 429 so‘mga oshdi, pastga qarab pasayishi 694 so‘mgacha bo‘ldi. O‘rtacha tebranish koridori 9 foiz atrofida shakllandi. Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi yana O‘zbekistonga keladi. Biz ularga valyuta kursi bo‘yicha pozitsiyamizni suzuvchiga o‘tkazishlarini so‘raymiz. Hozirgacha jamg‘arma bizning almashuv kursimizni boshqariluvchi deb taʼrif berib ketadi. Mana endi o‘tgan yilgi va bugungi dinamikalarda tebranish yuqoriligi bor. Ulardan kursimizni qayta ko‘rib chiqish va bevosita suzuvchi yoki moslashuvchi kursga o‘zgartirishlarini aytmoqchimiz”, dedi Markaziy bank vakili.

Foto: “Daryo”

Nodirbek Ochilov iqtisodiyotda suzuvchi yoki erkin valyuta kursining samarasi tasdiqlanib bo‘lganini taʼkidladi. Mamlakatda almashuv kursi tebranuvchan bo‘lishi muhimligiga urg‘u berdi. Shundagina iqtisodiyot shoklarga moslashuvchan bo‘lishiga eʼtibor qaratdi. Markaziy bank vakili oxirgi 20 yilda so‘m almashinuv kursi dinamikasi juda ko‘p iqtisodiy ko‘rsatkichlarga salbiy taʼsir qilganini maʼlum qildi.

“Bo‘ldi, yetar balki. Bunday sharoitda yana qancha yashash mumkin? Har yili 8—10 foizlik juda katta bosimli inflyatsiya kurs orqali kelgan. Holbuki, bizda eksport ham, pul o‘tkazmalari ham oshayapti. Bu yil xorijdan 20 milliard dollar investitsiya olib kelinishi belgilangan, reja bor. Buncha pul kirib kelgandan keyin bozor taklifi oshadi, muvozanat bo‘ladi va kurs qadri oshishi kerak. Buni ushlab turib bo‘lmaydi. Bizlar sotib olsak ham, ushlab turganimiz bilan qayerga olib boramiz? Buncha pul bozorda bo‘lgandan keyin, kurs pasayishi kerak”, dedi tashkilot rasmiysi.

Avvalroq Nodirbek Ochilov valyuta kursi shakllanishiga o‘nlab omillar taʼsir ko‘rsatishini aytgandi. Xususan, so‘m qadrsizlanishi yoki mustahkamlanishida fiskal siyosat roli kattaligi bildirilgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar