Turkiyaning o‘rmon hududidan 2-mart kuni ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topildi. Uning ustidagi kiyimlaridan ayol Balikesir viloyatida 21-yanvar kuni yo‘qolgan 46 yoshli samarqandlik Dilafruz Cho‘liyeva ekani taxmin qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, ikki bolaning onasi bo‘lgan Cho‘liyeva Turkiyaning Balikesir viloyatining Burhoniya tumanida qonuniy yashagan. Shuningdek, ishlashga ham ruxsati bo‘lgan. U 21-yanvar kuni Edremit tumanidan Burhoniyaga qaytayotib soat 20:00–20:30 atrofida avtobusdan tushgan. Shundan keyin u bilan aloqa uzilgan. Ayol 22-yanvar kuni ishga chiqmagan. 23-yanvar kuni ish beruvchilari uni qidirib, politsiyaga xabar bergan.
Ayolning yaqinlari 24-yanvar kuni uning yo‘qolganini bilib, Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulxonasiga, shuningdek, tashqi ishlar va ichki ishlar vazirliklariga murojaat qilgan.
Politsiya tergovi doirasida Ilyos ismli shaxs gumondor sifatida so‘roq qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, Cho‘liyevaning telefonidan oxirgi signal ushbu shaxsning uyi atrofida qayd etilgan. U o‘z bayonotida Cho‘liyevani tanishini, ammo u Istanbulga ketganini aytgan.
Cho‘liyevaning yaqinlari 2-mart kuni topilgan jasadning kiyimlari va ba’zi alomatlarga tayanib, jasad unga tegishli ekanini ta’kidlagan. Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi. Lekin hodisa yuzasidan gumonlanuvchi sifatida o‘zbekistonlik fuqarolar qo‘lga olingani xabar qilindi.
So‘nggi paytlarda Turkiyada o‘zbek ayollari bilan bog‘liq bir necha fojiali holatlar kuzatilmoqda. Jumladan, Istanbulda o‘zbekistonlik fuqarolar – Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevaning o‘limi jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Cho‘liyevaning ishi bo‘yicha ekspertiza va DNK natijalari kutilmoqda.








