Shimoliy Koreya AQSH va Isroilning Erondagi operatsiyasini qoralab, buni noqonuniy tajovuzkorlik harakati deb atadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi
“AQSHning faol qo‘llab-quvvatlovi va homiyligi ostida boshlangan Isroilning Eronga harbiy hujumi hamda unga qo‘shilgan AQSHning harbiy harakatlari noqonuniy tajovuzkorlik va suverenitetni poymol etishning eng jirkanch shaklidir…
Biz o‘zining xudbin, gegemonlik ambitsiyalariga erishish uchun hech ikkilanmay harbiy kuch ishlatayotgan AQSH va Isroilning sharmandali, bosqinchilik xatti-harakatlarini qat’iy qoralaymiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Shimoliy Koreya AQSH harakatlari uning dunyo tinchligi va barqarorligini buzishdagi rolini ko‘rsatayotganini ta’kidladi hamda nazorat qilib bo‘lmaydigan “qattiqqo‘l va o‘zboshimcha amaliyot” Yaqin Sharqdan tashqarida ham siyosiy, iqtisodiy va geosiyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalari Eronning Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari va boshqa obyektlariga javob zarbalari haqida xabar bermadi. Shuningdek, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafotini ham tilga olmadi.
NK News nashrining yozishicha, KXDR yanvar oyida Venesuela sobiq prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishini ham xuddi shunday e’tiborsiz qoldirgan.








