Dushanba, 2-mart kuni erta tongda Kuvayt hududida AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli bir nechta samolyot halokatga uchradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib Reuters xabar berdi.
Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, halokatga uchragan barcha samolyot ekipaj a’zolari omon qolgan. Ular evakuatsiya qilinib, shifoxonaga joylashtirilgan, ayni paytda ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Mazkur qutqaruv operatsiyasi AQSH kuchlari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Kuvayt poytaxtidagi AQSH elchixonasi binosi yaqinida tutun ko‘tarilgan, voqea joyiga o‘t o‘chirish va tez yordam mashinalari yetib kelgan. Hozircha AQSH davlat departamenti va elchixona ushbu hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Samolyotlar halokati Yaqin Sharqdagi mojarolar kengayib borayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Dushanba kuni ertalab Kuvayt havo hujumidan mudofaa tizimlari mamlakatga uchib kirgan dushman dronlarini tutib qolgan. Bu Eronning o‘z hududiga AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javoban ketma-ket uchinchi kun qaytarayotgan zarbalaridir.
Eron davlat matbuoti Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bayonotiga tayanib, Eron qurolli kuchlari Kuvaytda halokatga uchragan AQSH samolyotlaridan birini urib tushirganini da’vo qilmoqda. Reuters tomonidan tasdiqlangan videolarda Al-Jahra hududida harbiy samolyotning qulashi va parashyutda tushayotgan shaxs aks etgan.
Jarohatlanganlar va xavfsizlik choralari
Hujumlar oqibatida talafotlar ham qayd etilgan. Xususan, Kuvayt milliy neft kompaniyasi xabariga ko‘ra, Mina al-Ahmadi zavodi hududiga tushgan qoldiqlar oqibatida ikki ishchi yengil jarohatlangan. Rumaithiya va Salva mahallalari yaqinida dronlarning aksariyati urib tushirilgan, bu hududlarda jarohatlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
AQSH elchixonasi o‘z fuqarolarini davom etayotgan raketa va dron hujumlari xavfidan ogohlantirdi. Fuqarolarga elchixonaga kelmaslik, pastki qavatlarda, derazalardan uzoqda va xavfsiz joyda qolish tavsiya etildi.








