Daryo

Kiprdagi Britaniya aviabazasi hujumga uchradi (video)

Strategik ahamiyatga ega hududga Eronda ishlab chiqarilgan Shahed dronlari yordamida zarba berilgan. Qurilma aynan qayerdan uchirilgani hozircha noma’lum.

2 daqiqa o‘qish5 058 ko‘rishlar0 izoh4

Kipr va Britaniya rasmiylari 2-mart kuni tunda Kiprdagi Britaniya aviabazasiga dron hujum qilganini ma’lum qildi. Mazkur hodisa Eron atrofidagi mojaroga Yevropa Ittifoqi a’zosini ham bilvosita jalb qilgan holda vaziyatning keskinlashuviga sabab bo‘ldi.

Zarba Britaniya Qirollik harbiy-havo kuchlarining Akrotiri bazasidagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga berilgan. Hujum oqibatida bino va inshootlarga biroz zarar yetgan, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Bu 1986-yildagi Liviya jangarilarining raketa hujumidan so‘ng mazkur harbiy obyektga qilingan birinchi hujumdir.

Kipr prezidenti Nikos Xristodulidisning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan tungi soat 00:03 da Shahed rusumli dron harbiy inshootga borib urilgan. Eron texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan ushbu qurilma aynan qayerdan uchirilgani hozircha noma’lum.

“Kipr nishon emas edi”

Britaniya so‘nggi haftalarda Eron bo‘yicha kutilayotgan operatsiyalar munosabati bilan Akrotiri’ga qo‘shimcha havo kuchlarini joylashtirgan edi. Garchi rasmiy London bazalardan foydalanilmasligini aytgan bo‘lsa-da, 1-mart kuni bosh vazir Kir Starmer Britaniya AQSHning Eron raketa omborlari va uchirish qurilmalariga qarshi mudofaa zarbalari uchun o‘z bazalaridan foydalanish so‘rovini qabul qilganini bildirdi.

Aholi orasidagi vahima

Portlash ovozi O‘rta Yer dengizidagi minglab xorijiy kompaniyalar joylashgan va sayyohlik maskani bo‘lgan orolni larzaga keltirdi. Kipr oroli Akrotiri qishlog‘i aholisi tunda o‘z uylarini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.

“Televizor ko‘rayotganimda kuchli portlash eshitildi. Politsiyadan nima bo‘lganini so‘radim, lekin ular hech narsa deya olmasligini bildirdi. Shundan so‘ng xotinim va yaqinlarimni Limasolga olib ketdim”, deydi Teodoros ismli mahalliy aholi vakili.

Strategik ahamiyatga ega hudud

Akrotiri bazasi Limasol shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, u Britaniya 1960-yilda mustaqillik berganidan so‘ng o‘zida saqlab qolgan ikki suveren hududdan biridir. Maydoni 99 kvadrat mil (orol hududining qariyb 3 foiz qismi).

Baza britaniyalik 7 000 harbiy xizmatchi va ularning oilalarini sig‘dira oladi. U ilgari Iroq, Suriya va Yamandagi operatsiyalarda foydalanilgan. Shuningdek, orolning sharqiy qismida Ayios Nikolaos razvedka punkti joylashgan. Yevropa Ittifoqi rasmiylarining fikricha, Eron ushbu harakatlari bilan mojaroni kengaytirishga va yevropaliklarni unga tortishga urinmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar