Daryo

“Eron ikki hafta ichida yadroviy qurolga ega bo‘lardi” — Tramp

Tramp AQSHning Erondagi operatsiyasi “juda yaxshi ketayotganini” ta’kidladi. AQSH va Isroil zarbalaridan so‘ng Eronning yangi rahbariyati Vashingtonga muzokaralarni qayta boshlash taklifini bildirgan.

2 daqiqa o‘qish9 111 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH va Isroil zarbalaridan so‘ng Eronning yangi rahbariyati Vashingtonga muzokaralarni qayta boshlash taklifini bildirgan. Bu haqda Donald Tramp ma’lum qildi.

“Ular gaplashib olmoqchi, men esa bunga rozilik berdim. Shuning uchun ular bilan muloqot qilaman. Buni oldinroq qilishlari kerak edi. Juda amaliy va oson amalga oshiriladigan taklifni ilgari surishlari lozim edi. Ular juda uzoq kutdi”, dedi Oq uy rahbari 1-mart, yakshanba kuni The Atlantic nashriga bergan intervyusida.

AQSH prezidenti muzokaralar qachon o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. Uning aniqlik kiritishicha, so‘nggi haftalarda Vashington aloqada bo‘lgan ayrim eronlik muzokarachilar zarbalar oqibatida halok bo‘lgan.

“Ular kelishuvga erishishi mumkin edi. Buni oldinroq qilishlari kerak edi. Ular haddan tashqari ayyorlik qildi”, dedi Tramp.

AQSH operatsiyasi “rejadan ilgarilab bormoqda”

CNBC telekanaliga bergan intervyusida Tramp AQSHning Erondagi operatsiyasi “juda yaxshi ketayotganini” ta’kidladi.

“Bu — juda shafqatsiz rejim, tarixdagi eng shafqatsiz tuzumlardan biri. Biz ishimizni nafaqat o‘zimiz, balki butun dunyo uchun bajaryapmiz. Jarayon reja bo‘yicha emas, balki undan ham tez ketmoqda”, dedi u.

Shuningdek, voqealar “juda ijobiy yo‘nalishda rivojlanayotganini” qo‘shimcha qildi.

Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp, agar AQSH va Isroil harbiy operatsiyani boshlamaganida, “Eron ikki hafta ichida yadroviy qurolga ega bo‘lardi”, deya ta’kidladi. “Shunda bu jarayonni to‘xtatishning imkoni bo‘lmas edi”, dedi u.

Isroil va AQSHning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi

28-fevral kuni ertalab Isroil va AQSH Tehron hamda Eron hududidagi boshqa nuqtalarga zarba berdi. Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatini ma’lum qildi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.

Eron bunga javoban Isroil va Yaqin Sharqdagi boshqa hududlarga zarbalar berdi. AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi 28-fevral kuni Eron zarbalari natijasida AQSH obyektlariga yetkazilgan zarar “minimal” ekanini va operatsiyalarga ta’sir qilmaganini bildirgan edi.

Biroq 1-mart kuni uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgani, yana besh nafari og‘ir yaralangani ma’lum qilindi.

Isroil-AQSH harbiy operatsiyasining ikkinchi kunida Eron tomoni zarbalar natijasida mamlakat oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy hamda bir qator yuqori martabali harbiy rahbarlar, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lganini tasdiqladi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar