Daryo

Somalida qurg‘oqchilik sabab 6,5 mln kishi ocharchilik xavfi ostida — BMT

Qurg‘oqchilik nafaqat iqtisodiyotga, balki aholiga ham jiddiy salbiy ta’sir qilmoqda. Yil davomida vaziyat yanada yomonlashishi kutilmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 038 ko‘rishlar0 izoh1

Somalidagi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yanada og‘ir tus oldi. BMT va Federal hukumat rasmiylari qurg‘oqchilik, qurolli to‘qnashuvlar va moliyalashtirishning qisqarishi oqibatida mamlakatda gumanitar inqiroz chuqurlashayotganidan ogohlantirdi.

Inqiroz ko‘rsatkichlari va prognozlar

Oziq-ovqat xavfsizligi fazalarining integratsiyalashgan tasnifi (IPC) ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi oxiriga borib 6,5 million kish oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch keladi. 2026-yil davomida vaziyat yanada yomonlashishi kutilmoqda, xususan, 1,84 million 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi.

Ulardan 483 ming nafari o‘ta og‘ir (hayot uchun xavfli) ocharchilikka duch keladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aprel-iyun oylaridagi asosiy yomg‘irlar mavsumi o‘rtacha darajada bo‘lgan taqdirda ham, 2026-yil yakuniga qadar 5,5 million kishi qiyin ahvolda qolaveradi.

Suv tanqisligi va resurslarning kamayishi

Yog‘ingarchilikning kamligi hosilning boy berilishiga, chorva mollarining nobud bo‘lishiga va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishiga olib keldi. Ayniqsa, Somalining janubiy va markaziy hududlarida suv tanqisligi kuchaymoqda.

“Somalidagi qurg‘oqchilik favqulodda darajada keskinlashdi: suv narxi ko‘tarilib, oziq-ovqat zaxiralari kamaymoqda, chorva qirilmoqda, gumanitar yordam uchun mablag‘ esa yetarli emas”, dedi BMTning Somali bo‘yicha gumanitar koordinatori Jorj Konvey.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aprel oyigacha yomg‘ir kutish befoyda, shu sababli kelgusi oylarda shoshilinch qutqaruv yordami hayotiy ahamiyatga ega.

Majburiy ko‘chish va tizimli muammolar

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, iyul va dekabr oylari oralig‘ida qurg‘oqchilik va mojarolar tufayli, taxminan, 278 ming kishi o‘z uyini tark etgan. Bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini to‘xtatib, bozorlarga kirish va yordam yetkazish kanallarini izdan chiqardi.

Mablag‘ yetishmovchiligi

Somali hukumati va BMT global miqyosda gumanitar moliyalashtirishning qisqarishi bevosita joylardagi fojiali oqibatlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Mablag‘ yetishmasligi tufayli hamkor tashkilotlar sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, suv va sanitariya bo‘yicha muhim dasturlarni to‘xtatishga yoki qisqartirishga majbur bo‘lmoqda.

Somali ofatlarni boshqarish agentligi komissari Maxmud Moallim Abdulla qurg‘oqchilikning og‘irligi muqarrar va o‘ta tashvishli ekanini aytib, xalqaro hamkorlar, biznes vakillari va Somali diasporasini zudlik bilan yordam berishga chaqirdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar