Go‘zallik — bu juda nisbiy tushuncha va har kimning bu haqda o‘z tasavvuri bor. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaning ko‘rimsiz mashhurlari haqida gap ochilsa, ro‘yxatlarda ko‘pincha ayni bir kishilarning ismlari tilga olinadi. Quyida iste’dodi va xarizmasi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan “xunuk” turk aktyorlari haqida ma’lumot beramiz.
Riza Kojao‘g‘li
Riza Kojao‘g‘li — haqiqiy iste’dod egasi, shu bilan birga, turk seriallari ishqibozlarining ko‘pchiligi uni kelishgan deb atay olmasliklarini tan olishadi. Ammo Rizaning iste’dodi, xarizmasi va mahorati millionlab tomoshabinlar qalbini zabt etgan. Kojao‘g‘li komedik, kriminal yoki dramatik bo‘lsin, har qanday rolga moslashib keta oladi. U bir og‘iz so‘z aytmasa ham, qahramoni ayni damda boshidan kechirayotgan barcha tuyg‘u va hissiyotlarni tomoshabinga yetkaza oladi. Bugungacha 46 yoshli aktyor 40 dan ortiq film va o‘nlab teatr sahnalarida ishtirok etgan. Turk aktyorining o‘zi esa o‘zini chinakam xushbichim deb hisoblaydi va har bir roli ustida puxta ishlashini yashirmaydi.
Mehmet Ali Nuro‘g‘li
“So‘yla, Qora dengiz” seriali yulduzi yorqin va esda qolarli tashqi ko‘rinishga ega. Ba’zi turkiyalik seriallar muxlislari aktyorni shunchaki ko‘rimsiz emas, balki haqiqatan ham vahimali deb bilishadi, bunga asosan uning qora ko‘zlari sababchidir — aktyor nigohi bilan inson qalbidagi his-tuyg‘ularning hammasini ifodalay oladi. 46 yoshli turk aktyori so‘nggi yillarda yangi film va seriallardagi suratga olish ishlariga emas, aynan teatrga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. U ishtirokidagi spektakllarni ko‘rgan tomoshabinlar Mehmet Alining iste’dodi va serqirraligiga tahsin aytishadi. Turk kinosi yulduzi eng murakkab qahramonlarining ham barcha tuyg‘ularini tomoshabinga mukammal yetkazib bera oladi. Ayrim hollarda Nuro‘g‘lining ishonarli ijrosini ba’zi muxlislar jiddiy qabul qilib, aktyorni real hayotda ham haqiqiy maxluq deb hisoblashadi.
Diren Polatog‘ullari
Bu turk aktyori mashhur teatr arbobidir. “Qo‘rg‘on sirlari” seriali premyerasidan so‘ng ko‘plab turk seriallari ixlosmandlari bu iste’dodli aktyorni ilgari payqamaganliklaridan hayratda qoldi. Ayrim turk seriallari muxlislari Polatog‘ullarining haddan tashqari ozg‘inligi, yonoq suyaklari o‘ta o‘tkirligi, burni va quloqlari esa juda katta bo‘lib, yuziga nomutanosib ko‘rinishini ta’kidlaydi. Ammo tomoshabinlarning bu e’tirozlari turk aktyorining baxtli oila qurishiga va ijodda e’tirof qozonishiga to‘sqinlik qila olmagan. Serialdagi zolim Kazim real hayotda g‘amxo‘r er va mehribon ota.
Reha O‘zjan
Turdizi yulduzi ijodining eng ashaddiy muxlislari ham Rehani kelishgan yigit deya olmaydi. Bu aktyorning tashqi ko‘rinishi uning faoliyati davomida turli xil ta’riflarga sazovor bo‘lgan. O‘zjanni qotma, kulgili va hatto “kulrang” erkak deb atashardi. Ammo shunday oddiy ko‘rinishga qaramay, uning aktyorlik mahorati allaqachon munosib hurmatga sazovor bo‘lgan. U ham komediya, ham dramatik rollarni qoyilmaqom qilib ijro etadi. O‘zjan qahramonlarini nafaqat to‘liq his qila oladi, balki ularning barcha his-tuyg‘ularini tomoshabinlarga mahorat bilan yetkazadi. Turk aktyorining filmografiyasi 30 dan ortiq filmlarni o‘z ichiga oladi.
Edip Tepeli
Turkiyaning xunuk mashhurlari ro‘yxatida bu aktyorning nomi borligiga qo‘shilish juda qiyin. Edip yil sayin tobora xarizmatik bo‘lib bormoqda, aktyorlik mahorati ham sezilarli darajada oshmoqda. Tepeli — grimsiz ham o‘z qiyofasini o‘zgartira oladigan, o‘ziga xos ko‘rinishga ega artist. Ifodali mimika va o‘z ovozini a’lo darajada boshqara olishi unga kadrda sanoqli soniyalar ichida o‘z qiyofasini o‘zgartirish imkonini beradi. Aktyorning ba’zi muxlislari uning oddiy hayotdagi tashqi ko‘rinishi qahramonlaridan qanchalik farq qilishidan hayratlanishadi. Tepelining o‘zi maktab yillarida, o‘smirlik chog‘ida tashqi ko‘rinishi tufayli ancha kompleksga berilganini tan olgan. Biroq u o‘zidagi ishonchsizlikni tezda yenga oldi va natijada haqiqiy yulduzga aylandi.








