Ar-Riyod nafaqat Saudiya Arabistoni, balki Yaqin Sharqning eng tez o‘sayotgan shaharlaridan biri bo‘lib, bu yerda, taxminan, 8 mln aholi istiqomat qiladi. Qirollik poytaxtida 3 mln avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan. Ammo shaharga mamlakatning turli hududlaridan keluvchilar hisobiga raqamlar 5 mln gacha boradi. Bu esa, tabiiyki, tirbandliklar hosil qilib, shahar havosini ifloslantiradi.
Shu bois Saudiya hukumati 2012-yili valiahd shahzoda, mudofaa vaziri va bir vaqtning o‘zida Riyod provinsiyasi gubernatori Salmon bin Abdulaziz Ol Saud metro loyihasini tasdiqladi. Hujjat o‘sha paytdagi qirol Abdulla bin Abdulaziz tomonidan imzolangan.
Shundan so‘ng dunyoning Bechtel, Alstom, Siemens va Samsung kabi eng yirik qurilish konsorsiumlari bilan umumiy qiymati 22,5 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. 2014-yil aprelida esa qurilish ishlari rasman boshlandi. Keyinroq yangi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon (MBS) jarayonlarni o‘z nazoratiga olib, Vision 2030 dasturining bir qismiga aylantirdi.
Ar-Riyod metrosi bu shunchaki jamoat transporti emas, balki muhandislik va texnologiya olamida nom qozongan murakkab infratuzilmadir. U dunyoning boshqa qismlaridagi metro tarmoqlaridan farqli, o‘n yillar davomida bosqichma-bosqich qurilmagan. Ar-Riyod metrosining barcha 6 ta liniyasini qurish bir vaqtda boshlangan. Ular Moviy, Sariq, Qizil, To'q sariq, Yashil, Binafsha yo‘nalishlariga ajraladi.
Poytaxt metrosining umumiy uzunligi 176 km ni tashkil etadi. Jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, qariyb 200 ta haydovchisiz poyezd 85 ta metro bekati oralig‘ida harakatlanadi.
Ar-Riyod metrosining bekatlarini qurishda hi-tech usuliga murojaat qilingan. Ularni bezashda esa mahalliy elementrlardan ilhomlanilgan, Masalan uchta liniya uchun kesishma nuqtasi hisoblangan “Qirol Abdulla moliyaviy markazi” (KAFD) bekatini marhum Zaha Hadid loyihalashtirgan. Uning ko‘rinishi cho‘l qumloqlaridagi shamol harakatini eslatadi. Ichki qismi oltin rangli elementlar bilan bezatilgan.
Bundan tashqari, Ar-Riyod metrosida vagonlar uchta toifaga ajratilgan. Ular quyidagilardir:
- birinchi klass – yuqori qulaylikka ega lyuks o‘rindiqlar;
- oilaviy vagonlar – ayollar va bolalar uchun maxsus;
- umumiy vagonlar – barcha uchun mo‘ljallangan bo‘lim.
Mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib metro poyezdlari va bekatlari maxsus kuchaytirilgan konditsioner tizimlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, qum bo‘ronlaridan himoya qiluvchi maxsus filtrlar o‘rnatilgan.













