AQSH harbiy qo‘mondonligi Eronga qarshi harbiy amaliyotlar rejasini yakuniy bosqichga olib chiqdi. Strategik rejalar orasida ayrim rahbarlarni nishonga olish va hatto Tehronda rejimni o‘zgartirish variantlari ham bor. Bu haqda Reuters nashri Qo‘shma Shtatlar ma’muriyatidagi anonim manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, amerikalik harbiylar diplomatik sa’y-harakatlar samarasiz yakunlangan taqdirda, jiddiy mojaroga shay holatga keltirilgan. O‘tgan haftada Pentagon Eronning xavfsizlik tizimlari va yadroviy infratuzilmalariga qarshi bir necha haftalik keng ko‘lamli havo hujumlari rejasini tayyorlayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Yangi ma’lumotlar esa rejaning yanada aniqroq va “tajovuzkorroq” ekanini ko‘rsatmoqda.
Prezident Donald Tramp so‘nggi kunlarda Islom Respublikasidagi rejimni o‘zgartirish g‘oyasini ochiqchasiga ilgari surmoqda. Garchi AQSH rasmiylari quruqlikdagi qo‘shinlarsiz rejimni qanday ag‘darish mumkinligi borasida aniq tafsilotlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, asosiy urg‘u aniq yo‘naltirilgan zarbalarga berilishi taxmin qilinmoqda.
Isroil tajribasi va “alohida nishonlar”
AQSH rasmiylaridan birining ta’kidlashicha, Isroilning 2025-yildagi Eron bilan bo‘lgan 12 kunlik urush davomidagi muvaffaqiyati Vashington uchun namuna bo‘lishi mumkin. O‘shanda Isroil zarbalari oqibatida 20 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon, jumladan, Eron qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bageriy halok bo‘lgan edi.
“Isroilning tajribasi alohida nishonlarni yo‘q qilish qanchalik samarali ekanini ko‘rsatdi. Asosiy e’tibor “Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi” boshqaruvini izdan chiqarishga qaratilgandi”, dedi manba.
Trampning o‘zgaruvchan strategiyasi
Rejimni o‘zgartirishga urinish Trampning avvalgi saylovoldi va’dalariga zid keladi. U Afg‘oniston va Iroqdagi hukumatlarni ag‘darishga qaratilgan amaliyotlarni muvaffaqiyatsiz siyosat deb atagan edi. Biroq 2020-yilda general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Trampning zarur holatlarda siyosiy va harbiy yetakchilarni yo‘q qilishga tayyorligini isbotlagan.
Hozirda AQSH Yaqin Sharqqa ulkan harbiy kuch to‘plagan. Ayni paytda Eron atrofida AQSHning Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasi joylashgan. U 90 ta samolyot (jumladan F-35 qiruvchilari) va 5 680 nafar ekipajga ega. Kema uchta Arleigh Burke turidagi esminets hamrohligida harakatlanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, AQSH Eronga aviazarbalar berish uchun yetarli harbiy kuchlarga ega. Mamlakat armiyasi 21-fevraldan boshlab Eronga zarba berishga tayyor, biroq harbiylar prezident Donald Trampning yakuniy buyrug‘ini kutmoqda.
Eronning javobi va 15 kunlik muddat
Donald Tramp diplomatiya uchun hali imkon borligini aytsa-da, kelishuvga erishish uchun 10-15 kun atrofida vaqt qolganiga shama qilmoqda. Aks holda “juda yomon hodisalar” yuz berishidan ogohlantirdi.
O‘z navbatida, Tehron ham qarab turmoqchi emas. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi” agar Eron hududiga hujum qilinsa, AQSHning mintaqadagi (Iordaniya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, BAA va Turkiya) bazalariga zarba berishini ma’lum qildi.
Eronning BMTdagi vakilligi tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubida mamlakat urush tarafdori emasligini, biroq har qanday tajovuzga qat’iy va mutanosib javob qaytarilishini ta’kidladi.








