Daryo

Zalujniy ilk bor Zelenskiy bilan ziddiyatga oydinlik kiritdi

Sobiq bosh qo‘mondon ofisidagi tintuv va mudofaa strategiyasi bo‘yicha kelishmovchiliklarni esladi. Tahlilchilar Zalujniyning Britaniyaga elchi etib tayinlanishini uni siyosiy maydondan chetlatish sifatida baholaydi.

4 daqiqa o‘qish5 608 ko‘rishlar0 izoh3

Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, hozirda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi hisoblangan Valeriy Zalujniy prezident Vladimir Zelenskiy bilan munosabatlaridagi ziddiyat haqida ilk bor ochiq gapirdi. Bu haqda u Associated Press agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Zalujniy prezident bilan kelishmovchilik 2022-yil fevralida Rossiya hujumi boshlanganidan ko‘p o‘tmay yuzaga kelganini aytdi. Bu mamlakatni mudofaa qilish usullari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ziddiyat 2022-yil oxirida Ukraina Xavfsizlik xizmatining o‘nlab xodimlari Zalujniy ofisida tintuv o‘tkazishga uringanda keskinlashdi. O‘sha paytda bosh qo‘mondon hisoblangan Valeriy Zalujniy buni qo‘rqitish harakati sifatida baholagan.

  •  Zalujniy ofisini tintuv qilishga urinish

2022-yil sentyabr oyi o‘rtalarida, Ukraina shimoli-sharqda muvaffaqiyatli qarshi hujum olib borayotgan paytda, Zalujniy Zelenskiy qarorgohida o‘tgan keskin yig‘ilishdan chiqib, Kiyevdagi ofisiga qaytgan.

Bir necha soat o‘tgach, Zalujniyning ofisiga Ukraina xavfsizlik xizmatining o‘nlab agentlari binolarni tintuv qilish uchun kelgan. O‘sha paytda ofisda o‘ndan ortiq britaniyalik zobit ham bo‘lgan. Zalujniy ukrainalik agentlar nima qidirayotganini aytmagani, ular hujjatlar va kompyuterlarni titkilashiga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidladi.

Men Yermakka (o‘sha paytdagi prezident ofisi rahbari) bu hujumni qaytarishimni aytdim, chunki men jang qilishni bilaman, deya Zalujniy reyd paytida Zelenskiy ofisiga qo‘ng‘iroq qilganini esladi.

​U o‘sha paytda zarurat tug‘ilsa, qo‘mondonlik punktini himoya qilish uchun harbiylarni Kiyev markaziga chaqirishga tayyorligini ham bildirgan. Keyin Zalujniy xavfsizlik xizmatining o‘sha paytdagi rahbari Vasiliy Malyukka qo‘ng‘iroq qilib, nima bo‘layotganini so‘ragan. Malyuk reyd haqida hech narsa bilmasligini aytgan va uni o‘rganishga va’da bergan.

Keyinchalik Malyuk boshchiligidagi idora ikki kun avval Kiyev tuman sudidan Zalujniy ofisi joylashgan manzilni ko‘zdan kechirish uchun tintuv orderini so‘ragani ma’lum bo‘ldi. AP qo‘lga kiritgan sud hujjatiga ko‘ra, idora go‘yoki jinoiy guruh boshqarayotgan striptiz klubini tintuv qilishni rejalashtirgan. Ammo arizada ko‘rsatilgan striptiz klubi Rossiya bosqinidan oldin yopilgan.

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) ga ko‘ra, ular Zalujniy bilan bog‘liq bo‘lmagan uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha tergov doirasida bir nechta manzillarni ko‘rib chiqayotgan edi. Jinoyat ishida ko‘rsatilgan manzillardan biri Zalujniyning “yaqinda tashkil etilgan yashirin zaxira qo‘mondonlik punkti” ekani aniqlangan.

Bayonotga ko‘ra, UXX bu manzilda hech qanday tintuv o‘tkazmagan, Malyuk va Zalujniy o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng vaziyatga aniqlik kiritilgan. Zalujniy qidiruv buyrug‘i bahona bo‘lgani va UXX mamlakatning asosiy harbiy qo‘mondonlik markazi joylashgan manzilni adashtirib yuborganiga ishonish qiyinligini aytdi.

  •  Bahsli qarorlar va muvaffaqiyatsiz qarshi hujum

General va prezident o‘rtasidagi tortishuv Ukraina Qurolli kuchlarining 2023-yilgi qarshi hujumini rejalashtirish jarayonida ham davom etdi. Zalujniy NATO hamkorlari bilan birga ishlab chiqqan “yagona musht” rejasi rad etilganini esladi. Bu reja Rossiyaga qarshi muvaffaqiyatga erishish uchun taktik kutilmagan yurish qilish va kuchlarni bir joyga jamlashni nazarda tutgan.

Dastlabki rejaga ko‘ra, yetarli kuchlar “yagona musht”ga jamlanib, qisman bosib olingan Zaporojye viloyatini — muhim atom elektr stansiyasi joylashgan hududni — qaytarib olish, so‘ng janubga, Azov dengizi tomon yurish ko‘zda tutilgan edi. Bu orqali Rossiya armiyasi 2014-yilda noqonuniy anneksiya qilgan Qrimning ta’minot yo‘lini uzib qo‘yish mumkin bo‘lardi.

Zalujniyning ta’kidlashicha, Zelenskiy va boshqa amaldorlar bu reja uchun kerakli resurslarni ajratmagan, qo‘shinlarni esa keng front bo‘ylab tarqatib yuborgan. Bu zarba berish qobiliyatining yo‘qolishiga va operatsiyaning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga olib kelgan.

Zelenskiy 2024-yil fevral oyida Zalujniyni ishdan bo‘shatib, uni Londonga elchi etib yubordi. Tahlilchilar buni prezidentning siyosiy raqobatchisini yo‘q qilishga urinishi deb baholadi. So‘rovlarga ko‘ra, ehtimoliy prezidentlik poygasida Zalujniy Zelenskiydan oldinda. 

Zalujniy prezident uni lavozimidan olganidan buyon harbiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etmayotganini ta’kidladi. Ular o‘shandan beri ikki marta uchrashgan va suhbatlar “mutlaqo do‘stona” ruhda o‘tgan. Ayrim tahlilchilar fikricha, Zalujniyning mamlakatdagi kundalik siyosiy jarayonlardan chetda bo‘lishi uning mashhurligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq general urush tugamaguncha siyosiy ambitsiyalari haqida gapirishni rad etmoqda.

Urush tugamaguncha yoki harbiy holat bekor qilinmaguncha men buni muhokama qilmayman va bu borada hech narsa qilmadim, degan Zalujniy.

Valeriy Zalujniy 2025-yil bahorida unga taniqli amerikalik siyosiy texnolog saylov kampaniyasini tashkil etishda yordam taklif qilganini ochiqladi. Gap Donald Trampning sobiq saylov shtabi rahbari Pol Manafort haqida ketmoqda.

Men unga e’tibor uchun minnatdorlik bildirdim, lekin uning xizmatlariga muhtoj emasligimni aytdim, dedi Zalujniy.

Manafort avvalroq Ukrainaning rossiyaparast sobiq prezidenti Viktor Yanukovich manfaatlarini noqonuniy lobbi qilganlikda ayblangan, biroq keyinroq Tramp tomonidan afv etilgan edi. Hozirda Zalujniy Kiyev strategiyasining asosiy muammosi sifatida Ukraina qo‘shinlarining hozirgi sonidan noreal kutilmalarni ko‘rsatmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar