Daryo

Forbes 2025-yilning eng serdaromad shaxmatchilarini e’lon qildi. Abdusattorov va Sindorov — kuchli o‘ntalikda

O‘zbekistonlik grossmeysterlar uchun muvaffaqiyatli o‘tgan 2025-yilda bir qator muhim turnirlar tashkil etildi.

3 daqiqa o‘qish4 286 ko‘rishlar0 izoh2

Magnus Karlsen 2025-yil davomida musobaqalardagi ishtiroki orqali eng ko‘p daromad topgan shaxmatchi bo‘ldi. U yil davomida 1,3 million AQSH dollaridan ko‘proq ishlab topdi.

Garchi u jahon chempioni rasmiy unvoni uchun kurashishdan voz kechgan bo‘lsa-da, shaxmatdagi asosiy yulduz maqomini saqlab qolmoqda. Rekord darajadagi mukofot pullari esa buni tasdiqlaydi.

Bir yil avval jahon chempionligi uchun bo‘lib o‘tgan matchdagi (shaxmat mezonlari bo‘yicha) mukofot pullari sabab reytingning dastlabki ikki pog‘onasini yangi chempion Gukesh Dommaraju va sobiq chempion Ding Lijen egallagan edi. 2025-yilda jahon shaxmat toji uchun uchrashuv o‘tkazilmadi. Biroq top-shaxmatchilar Esports World Cup turnirida yaxshigina daromad yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi.

10. Javohir Sindorov — 360 083 AQSH dollari

20 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster mukofotlarining 95 foizini oflayn turnirlardan, 5 foizini esa onlayn turnirlar orqali ishlab topgan. 2025-yil yosh iqtidor uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi: Javohir “Vitality” jamoasi tarkibida Esports World Cup turnirida ishtirok etdi, Freestyle Chess seriyasidagi turnirlarda ikki bor yarim finalga qadar yetib bordi, ammo uning 2025-yildagi eng asosiy yutug‘i — FIDE Jahon Kubogidagi tarixiy g‘alabasi bo‘ldi. Bu orqali Sindorov 2026-yil mart oyida o‘tkaziladigan jahon shaxmat toji uchun talabgorlar turniriga yo‘l oldi.

9. Nodirbek Abdusattorov — 371 837 AQSH dollari

21 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi mukofotlarining 97 foizini oflayn turnirlardan, 3 foizini esa onlayn turnirlardan qo‘lga kiritgan. Blits bo‘yicha jahon chempionati vitse-chempioni, “Navi” tarkibida Esports World Cup chorak finaliga chiqdi, London Chess Classic musobaqasida g‘alaba qozondi. Shuningdek, daromadining bir qismi Grand Chess Tour va Freestyle Chess turnirlari orqali topildi. 2024-yilga nisbatan daromadi uch baravardan ko‘proq oshdi.

8. Maksim Vashye-Lagrav — 461 110 AQSH dollari

35 yoshli fransiyalik shaxmatchi mukofotlarining 95 foizini oflayn, 5 foizini onlayn turnirlarda ishlab topgan. EWC taqvimga kiritilgani va Grand Chess Tour finali qaytgani uning daromadini biroz oshirdi.

7. Vinsent Keymer — 469 997 AQSH dollari

21 yoshli germaniyalik grossmeyster mukofotlarining 99 foizini oflayn, 1 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. O‘tgan yili reytingning oxirgi yigirmataligida bo‘lgan Keymer bu safar kuchli o‘ntalikka kirdi. Asosiy daromad Freestyle Chess global turidagi g‘alaba (Vayzenxaus) va bronza medal (Keyptaun) orqali qo‘lga kiritildi. Samarqand shahrida o‘tkazilgan Grand Swiss turniri ham (4-o‘rin) Keymer uchun daromadli bo‘ldi.

6. Alirizo Firuzja — 474 792 AQSH dollari

22 yoshli fransiyalik grossmeyster mukofotlarining 91 foizini oflayn, 9 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. Unda o‘tgan yilga nisbatan pasayish kuzatilgan (2024-yilda 665 703 AQSH dollari bilan 4-o‘rin). Shunga qaramay, Esports World Cup finali, Grand Swiss turniridagi 3-o‘rin va Grand Chess Tour bosqichlaridagi natijalar uni kuchli beshlikka yaqinlashtirdi.

5. Arjun Erigaisi — 497 199 AQSH dollari

22 yoshli hindistonlik shaxmatchi mukofotlarining 94 foizini oflayn, 6 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. Esports World Cup yarim finali, Jerusalem Masters’dagi g‘alaba hamda rapid va blits bo‘yicha JChdagi top-3 o‘rinlar asosiy daromad manbai bo‘ldi.

4. Hikaru Nakamura — 737 967 AQSH dollari

38 yoshli amerikalik grossmeyster mukofotlarining 85 foizini oflayn, 15 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. Esports World Cup’da 3-o‘rin, AQSH kubogi va Comet Open onlayn turniri asosiy daromadni ta’minladi. Freestyle Chess hamda Clutch Chess: Champions Showdown (Sent-Luis) turnirlari ham uning mukofotlari miqdoriga katta ta’sir ko‘rsatdi.

3. Levon Aronian — 832 272 AQSH dollari

43 yoshli amerikalik shaxmatchi mukofotlarining 99 foizini oflayn, 1 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. Freestyle Chess turining ikkita bosqichidagi g‘alaba va Grand Chess Tour’dagi muvaffaqiyatli ishtirok uni kuchli uchlikka olib chiqdi.

2. Fabiano Caruana — 1 047 204 AQSH dollari

33 yoshli amerikalik grossmeyster mukofotlarining 99 foizini oflayn, 1 foizini onlayn turnirlardan qo‘lga kiritgan. AQSH chempioni, Grand Chess Tour finali g‘olibi va bir qator superturnirlar sovrindori sifatida 2025-yilni juda yuqori saviyada o‘tkazdi.

1. Magnus Carlsen — 1 365 177 AQSH dollari

FIDE reytingi yetakchisi, 35 yoshli norvegiyalik shaxmatchi Magnus Karlsen mukofotlarining 94 foizini oflayn, 6 foizini onlayn turnirlardan ishlab topgan. Ar-Riyod, Stavanger, Doha, Sent-Luis, Parij va Karlsruedagi g‘alabalar 2025-yil yana Karlsen yili bo‘lganini tasdiqlaydi.

U, shuningdek, 2026-yilni tarixda ilk bor o‘tkazilgan FIDE Freestyle Jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan boshladi. Nodirbek Abdusattorov esa ushbu turnirda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar