Daryo

Rossiya–Ukraina muzokaralari Medinskiy tufayli to‘xtab qoldi – Axios

Zelenskiy Putinning maslahatchisi ilgari surayotgan urushning “tarixiy ildizlari” haqidagi falsafaga vaqt yo‘qligini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish17 838 ko‘rishlar0 izoh4

Jenevada 17-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya–Ukraina muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bu haqda vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib, Axios xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, bunga Rossiya delegatsiyasiga avvalgi bosqichlardan farqli ravishda harbiy rahbarlar emas, balki Rossiya prezidenti maslahatchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilgani sabab bo‘lgan. Aynan u bildirgan pozitsiyalar tufayli muzokaralar “to‘xtab qolgani” aytilmoqda.

“Interfaks”ning Rossiya tomonidagi manbasi qariyb 6 soat davom etgan uchrashuvni “juda keskin” deb atagan. Muloqot Rossiya–AQSH, Rossiya–Ukraina va Rossiya–AQSH–Ukraina formatida o‘tkazilgan.

Zelenskiy Axios’ga bergan intervyusida Medinskiy ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin kabi urushning “tarixiy ildizlari” haqida falsafa qilishni yaxshi ko‘rishini aytgan.

“Bunday axlatga vaqtimiz yo‘q. Biz bir qarorga kelishimiz, bu urushni tugatishimiz kerak”, deya taʻkidladi Zelenskiy.

Muzokaralarning uchinchi raundida asosiy mavzu hududiy masala bo‘lishi kutilmoqda. AQSH Ukraina bilan Rossiyaga hududiy yon berish masalasini referendumga qo‘yish ehtimolini muhokama qilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi ehtimoli ham bor.

Avvalroq referendum va saylov masalasida AQSH Kiyevga bosim o‘tkazayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Zelenskiy tinchlik kelishuviga erishilsa yoki ikki oylik sulh tuzilsa, bunday ssenariy ehtimolini istisno etmagan.

Mojaroni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarning avvalgi bosqichi 4-5-fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov, Ukraina delegatsiyasiga esa prezident ofisi rahbari Kirill Budanov boshchilik qildi. Tomonlar muzokaralarni “samarali” deb baholagan. Uchrashuv kun tartibidan iqtisodiy jihatlar, hududiy masala hamda o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmlari o‘rin olgan.

Keyinroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “tinchlikka bir yildan kamroq vaqt ichida erishiladi” deb umid bildirdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar