Daryo

Demokratiya orolchasidagi “taxtlar o‘yini”: Qirg‘iziston tarixidagi inqiloblar

Quyida Qirg‘izistonda yuz bergan inqiloblar, ularning ildiz sabablari hamda mamlakat siyosiy kelajagi uchun qanday oqibatlar keltirib chiqargani tahlil qilinadi.

8 daqiqa o‘qish23 333 ko‘rishlar0 izoh9

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2020-yili hokimiyat tepasiga kelganidan beri yonida bo‘lgan eng yaqin siyosiy tayanchi va ishonchli do‘sti — Qamchibek Tashiyevni 10-fevral kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etdi. Bu qaror rasman “jamiyatni bo‘linishdan saqlash” zarurati bilan izohlangan bo‘lsa-da, amalda u elita ichidagi chuqur ziddiyatlarni ochib qo‘ydi.

Ayniqsa, Tashiyev ishdan olingan vaqti Germaniyada davolanishda bo‘lgani, 13-fevral kuni esa davolanishni tugatmay, muddatidan ilgari mamlakatga qaytgani turli taxmin va xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Boisi Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan beri (Almazbek Atambayevdan boshqa) biror prezident hokimiyatni tinch yo‘l bilan, o‘z vakolat muddatini to‘liq ado etgan holda topshira olmagan. Deyarli har safar norozilik to‘lqini, deyarli har safar ko‘cha bosimi, deyarli har safar inqilob…

Quyida Qirg‘izistonda yuz bergan inqiloblar, ularning ildiz sabablari hamda mamlakat siyosiy kelajagi uchun qanday oqibatlar keltirib chiqargani tahlil qilinadi.

Inqilobsiz ketgan yagona prezident

Bir vaqtlar “Markaziy Osiyoning demokratiya orolchasi” deb ta’riflangan Qirg‘iziston hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashinuvi borasida nisbatan murakkab tarixga ega. Bu yerda xalqning ko‘chaga chiqishi va prezident qarorgohi — Oq uyni egallashi va hatto davlat rahbarining xorijga qochib ketishi o‘ziga xos “an’ana”ga aylanib qolgan.

Qirg‘izistonga 1991-yildan buyon besh prezident rahbarlik qilgan bo‘lsa, ular orasida faqat Almazbek Atambayevgina vakolatini yakunlab, hokimiyatni konstitutsiyaga muvofiq, tinch yo‘l bilan, o‘zidan keyingi prezident — So‘ronbay Jeyenbekovga topshirgan edi. Bu jihatdan, u Qirg‘iziston tarixida hokimiyatni saylov natijalariga muvofiq topshirgan hozircha yagona davlat rahbari hisoblanadi.

Qolgan prezidentlar — Asqar Akayev ham, Qurmanbek Bakiyev ham, hatto, yuqorida ta’kidlanganidek, hokimiyat tepasiga tinch yo‘l bilan kelgan So‘ronbay Jeyenbekov ham inqilob ortidan ag‘darilgan.

Foto: inbusiness.kz
Foto: So‘ronbay Jeyenbekov

2005-yilgi Lola inqilobi

Qirg‘izistonda birinchi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq harakatlar 2004-yil oxiridan boshlangan. 2004-yil sentabrida Qirg‘iziston parlamentidagi muxolifat amaldagi prezident Asqar Akayevning 2005-yilgi saylovda to‘rtinchi muddatga nomzod bo‘lishi qonuniy yoki yo‘qligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga so‘rov yuboradi. Konstitutsiyaviy sud esa mazkur so‘rovni ko‘rib chiqishdan bosh tortadi.

Asqar Akayevga muxolifat o‘laroq mamlakatning sobiq tashqi ishlar vaziri, muxolif “Ata-Jurt” harakati yetakchisi – Roza Otunbayeva maydonga chiqadi. Akayev muxolifatni “xorijiy kapital tomonidan moliyalashtirilayotganlikda va nopok siyosiy texnologiyalardan foydalanayotganlikda” ayblaydi.

2005-yil 7-yanvar kuni Qirg‘iziston markaziy saylov komissiyasi Roza Otunbayevani bo‘lajak parlament saylovlarida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. Xuddi shu okrugdan amaldagi prezidentning qizi Bermet Akayeva nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng, 8-yanvar kuni, Bishkekda parlament binosi oldida Otunbayevani qo‘llab-quvvatlash uchun ommaviy piketlar boshlanadi.

27-fevral kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Ertasi kuni Markaziy saylov komissiyasi 75 ta saylov okrugidan 32 tasida nomzodlar birinchi bosqichdayoq g‘alaba qozonganini e’lon qiladi. Ular orasida prezidentning o‘g‘li Aydar Akayev hamda yirik bozorlarning egalari ham bor edi.

28-fevral kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) hamda Yevropa parlamentidan kelgan kuzatuvchilar saylovlar xalqaro me’yorlarga mos kelmagani haqida bayonot beradi. Ular prezident tomonidan saylovchilarga bosim o‘tkazilganini va ovozlarni sotib olish holatlari bo‘lganini qayd etadi.

4-mart kuni Jalolobod shahrida taxminan ming kishi hududiy ma’muriyat binosi oldida ruxsatsiz miting o‘tkazdi. Namoyishchilarning asosiy talablari — prezident Asqar Akayev, viloyat hokimi Sharipov va Markaziy saylov komissiyasi raisi Sulayman Imanbayevning iste’fosi edi. Kunning ikkinchi yarmida muxolifatchilar ma’muriyat binosiga bostirib kiradi.

Foto: vedomosti.ru
Foto: Qirg'iziston 2005-yil

24-mart kuni Qirg‘iziston poytaxtining Ala-Too maydonida amaldagi hokimiyatning iste’fosi talabi bilan 30 mingdan ortiq kishi norozilik namoyishiga to‘planadi. Shundan keyin mitingchilar bilan huquq-tartibot kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv boshlanadi. Namoyishchilar tosh otib, kuch tuzilmalarini hukumat uyi (Oq uy) panjarasi ortiga chekinishga majbur qiladi. Bir necha soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng yuzlab g‘azablangan yoshlar binoga bostirib kiradi. Bu vaqtda prezident Asqar Akayev oilasi bilan Rossiyaga qochib ketib ulgurgan edi.

Kechga borib muxolifat yetakchisi Feliks Kulov qamoqdan ozod qilinib, davlat televideniyesi orqali xalqqa murojaat qiladi. U xalqni g‘alaba bilan tabriklab, tinchlikni saqlashga chaqiradi. Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi etib Qurmanbek Bakiyev saylanadi. U Roza Otunbayeva, Mamadjunus Abilov va Kulov bilan birga koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Bu g‘oya YXHT tomonidan ham ma’qullanadi.

25-mart kuni parlament Bakiyevni prezident va bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlaydi. Otunbayeva tashqi ishlar vaziri bo‘ldi. Kulov kuch tuzilmalarini muvofiqlashtiruvchi etib belgilandi. 3-aprel kuni Akayev parlament tomonidan sobiq prezidentlarga beriladigan kafolatlar evaziga iste’foga rozi bo‘ldi. Natijada hokimiyat tepasiga muholifat yetkachilaridan biri – Qurmanbek Bakiyev keldi. Bu voqealar tarixga “Lola inqilobi” degan nom bilan kirdi.

Foto: currenttime.tv
Foto: 2005-yildagi inqilobdan


2010-yilgi Aprel inqilobi

Inqilob ortidan hokimiyat tepasiga chiqqan Qurmanbek Bakiyev avvalgi prezident — Asqar Akayevning xatolaridan yetarlicha xulosa chiqarmadi. Bakiyev mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etolmadi. Oqibatda qirg‘izistonliklarning turmush darajasi sezilarli pasayib, ko‘plab oilalar asosiy ehtiyojlarini ham qondirishga qiynalib qoldi.

Fuqarolar nafratini o‘t oldirgan oxirgi tomchi — bu 2010-yil boshida kommunal xizmatlar narxining ikki barobar oshishi bo‘ldi. O‘sib borayotgan ijtimoiy va iqtisodiy norozilik sharoitida Roza Otunbayeva kabi siyosiy yetakchilar muxolifatni birlashtirib, xalqni faollikka chorladi.

Oqibatda 6-aprel kuni Talasda tartibsizliklar boshlandi. Muxolifat mitingdan so‘ng viloyat ma’muriyati binosini egalladi. 7-aprel kuni tartibsizliklar Bishkekka ko‘chdi. Poytaxtda muxolifat markaziy televideniya binosini egallab, efirga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Tartibsizliklar yuzasidan jinoyat ishi ochildi, muxolifat yetakchilari hibsga olindi. Shunga qaramay, tartibsizliklar davom etaverdi.

Minglab muxolifat tarafdorlari parlament binosini bosib oldi va hukumat uyini egallashga harakat qildi. Oxir-oqibat parlament binosi vayron qilindi, Bosh prokuratura binosi yondirildi. Keyin sobiq parlament raisi O‘murbek Tekebayev televideniya orqali efirga chiqib, “hokimiyat to‘liq xalq qo‘liga o‘tganini” e’lon qildi.

Foto: YouTube
Foto: 2010-yildagi inqilob

Biroz o‘tib Qirg‘iziston hukumati iste’fo berdi. Prezident Bishkekdan O‘shga qochdi. Muxolifat vaqtinchalik (olti oy muddatga, demokratik saylovlarni tashkil etish uchun) “xalq ishonchi hukumati”ni tuzdi, uni sobiq tashqi ishlar vaziri Roza Otunbayeva boshqardi.

Tuzilgan muvaqqat hukumat qaroriga ko‘ra, 2010-yil iyun oyiga Qirg‘izistonni prezidentlik respublikasidan parlamentar respublikaga aylantiruvchi yangi Konstitutsiya masalasida referendum belgilandi. Yangilangan Asosiy qonun asosida 2011-yil oxirida prezidentlik saylovi o‘tkazilib, unda Almazbek Atambayev g‘olib chiqdi (bu saylovda uning asosiy raqiblaridan biri Qamchibek Tashiyev bo‘lgandi).

Ammo bu vaqt ichida — mamlakatning kuch tuzilmalari: militsiya va armiya izdan chiqib, markaziy hokimiyat janubiy hududlar ustidan amaliy nazoratni deyarli yo‘qotgani oqibatida — turli manfaatdor guruhlar siyosiy bo‘shliq holatidan ustalik bilan foydalanishga urindi. Oqibatda yillar davomida ich-ichidan to‘planib kelgan ijtimoiy va etnik taranglik ochiq portlashga aylanib, 2010-yil iyun oyida O‘sh va Jalolobodda millatlararo to‘qnashuvlar boshlandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu to‘qnashuvlar oqibatida 426 kishi halok bo‘lgan, 2000 dan ortiq odam jarohat olgan. Biroq mustaqil inson huquqlari tashkilotlari hamda xalqaro kuzatuvchilar qurbonlar soni aslida bundan ancha ko‘p — 1000 nafardan ziyod bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Foto: dzen.ru
Foto: O'zbekiston hududiga qochib o'tgan o'zbeklar


2020-yildagi oktyabr voqealari

2020-yilgi parlament saylovlaridan so‘ng Qirg‘izistonda uchinchi siyosiy inqiroz yuz berdi. Bu inqilobga yo‘l ochgan omillar — yuqori darajadagi korrupsiya, ishsizlik darajasining yuqoriligi va COVID-19 pandemiyasi davrida iqtisodiyotning keskin pasayishi bo‘ldi.

4-oktyabr saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi, 5-oktyabr kuni esa ko‘plab fuqarolar va siyosiy partiyalar saylov natijalaridan norozi bo‘lib, norozilik namoyishi boshladi. Avvaliga minglab odamlar Alo-Too maydonida yig‘ildi. Keyinchalik namoyishchilar hukumat binolarini egallashga harakat qildi. 6-oktyabr kuni norozilik kuchayib, namoyishchilar parlament binolariga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Namoyishlar boshlangan vaqtda Sadir Japarov hali qamoqda edi. U 2017-yili bir qator jinoyatlarda ayblanib, sudlangandi. Japarov 2020-yilgi noroziliklar chog‘ida namoyishchilar tomonidan qamoqdan chiqarildi. Ozodlikka chiqishi bilan Japarov siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi.

Muxolifat yetakchilari bilan olib borilgan kelishuvlar natijasida u qisqa fursat ichida mamlakatdagi asosiy siyosiy figuraga aylandi. Jumladan, 10-oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarovni bosh vazir etib tayinladi. Oradan 5 kun o‘tib, aniqrog‘i, 15-oktyabr kuni prezident So‘ronbay Jeyenbekov iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Buning ortidan Japarov vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Inqirozdan so‘ng Japarovning tarafdorlari prezidentlik rolini aniq belgilovchi konstitutsion o‘zgarishlar va saylovlarni uyushtirdi. U 2021‑yil 10‑yanvarda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida qatnashib, saylovchilarning salkam 80  foiz ovozini qo‘lga kiritgani holda to‘laqonli prezidentga aylandi.

Foto: imruz.tj
Foto: Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov 2020-yil


Yangi inqilob xavfi

2021-yili Qirg‘izistonda prezident saylovidan tashqari, konstitutsion referendum ham o‘tkazilib, yangi konstitutsiya qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, mamlakat siyosiy boshqaruv tizimi parlamentdan prezidentlikka o‘tkazildi va prezident endi ikki marta, har biri 5 yillik muddatga saylanishi mumkin bo‘ldi. Bungacha Qirg‘iziston prezidenti faqat bir marta 6 yillik muddatga saylanar edi.

2026‑yil 9‑fevral kuni akademiklar, sobiq bosh vazirlar, sobiq deputatlar va jamoat arboblaridan tashkil topgan 75 kishilik guruh prezident Sadir Japarov hamda Qirg‘iziston parlamenti raisi Nurlanbek Turgunbekdan 2027-yilga rejalashtirilgan prezidentlik saylovini muddatidan avval, 2026-yilda o‘tkazishni so‘rab ochiq murojaat yo‘lladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, murojaatnoma ortida Qamchibek Tashiyev ham turgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu murojaat e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay, Tashiyev lavozimidan ozod etildi. Qiziq jihati, Japarov 2024-yilgi chiqishlarining birida shunday degan edi:

“Qamchibek Tashiyevga ham, menga ham farqi yo‘q — prezident lavozimida kim bo‘lsa ham, biz ikkimiz uchun asosiy narsa mamlakat. Hokimiyat uchun hech qanday kurash bo‘lmaydi, tashvishlanmang”.

​

Biroq 13‑fevral kuni Sadir Japarov e’lon qilgan bayonotida Qamchibek Tashiyev davlat xizmatiga qaytmasligini, uning atrofida alohida guruh shakllanganini va mamlakat barqarorligi har narsadan ustun ekanini ochiq bildirdi. Ushbu bayonot Tashiyev va Japarov o‘rtasidagi siyosiy murakkablik va do‘stlikning nozik chegaralarini yorqin tarzda ko‘rsatdi.

Iste’foga chiqarilgan vaqtda Germaniyada bo‘lgan Tashiyev shoshilinch ravishda vatanga qaytgan edi, ammo, Japarovning so‘nggi bayonotidan so‘ng, uning yana Qirg‘izistondan chiqib ketgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Japarovning o‘zi esa rasman 2027-yil yanvariga qadar Qirg‘iziston prezidenti. Agar ungacha yana nimadir bo‘lmasa.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar