Tailand hukumati mamlakatga vizasiz kirishga ruxsat berilgan xorijliklarning mamlakatda bo‘lish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bangkok Post xabar berdi.
Rasmiylarning fikricha, bunday chora Tailandga noqonuniy faoliyat uchun kelgan xorijliklarga qarshi kurashda yordam beradi.
“Bu o‘zgarish turizmga ta’sir qilmasligi kerak, chunki chet ellik sayyohlar Tailandda o‘rtacha 21 kundan ortiq qolmaydi. Agar ular 30 kundan ortiq qolishni istasa, odatdagidek uzaytirish uchun ariza berishi mumkin”, dedi Turizm va sport vazirligi vakili Natriya Taveevong.
U yangi hukumat hali shakllanmaganiga qaramay, amaldagi muvaqqat hukumat bu o‘zgarishlarni tasdiqlash huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
Ayni paytda Tailandga qisqa muddatli tashrif uchun viza talab qilinmaydigan davlatlar ro‘yxatida 93 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham bor. Ushbu mamlakatlardan kelgan sayyohlarga Tailandda 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beruvchi dastur 2024-yil o‘rtalarida sayyohlar oqimini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan.
Tailand sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi prezidenti Thanapol Cheevarattanapornning aytishicha, assotsiatsiya qisqartirishga rozi bo‘lgan.
“Ushbu qoidani o‘zgartirish 2025-yildan beri sayyohlik operatorlari tomonidan taklif qilingan, bu xorijiy jinoiy faoliyatni kamaytirish va soha uchun xavfsizroq imijni targ‘ib qilishga qaratilgan”, dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, Tailand hukumati Hindistonda o‘limga olib keluvchi nipah virusi tarqalishi sababli mamlakatning asosiy aeroportlarida tibbiy nazoratni kuchaytirgan. Suvarnabxumi, Don Muang va Pxuket aeroportlarida ushbu davlatdan kelayotgan yo‘lovchilar tekshirilmoqda.
Chora-tadbirlar 25-yanvar kuni Kasalliklarni nazorat qilish departamenti qarori bilan joriy etilgan. Tekshiruv jarayoniga tana haroratini o‘lchash va joyida ko‘rikdan o‘tkazish kiradi. Infeksiya alomatlari aniqlangan yo‘lovchilar qo‘shimcha tekshiruv uchun karantin muassasalariga yuboriladi.








