Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida joylashgan maktabda sodir bo‘lgan otishmada kamida 9 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda qirollik politsiyasiga tayanib CNN xabar berdi.
Qurbonlar orasida Tumbler Ridge o‘rta maktabida otishma sodir etgan shaxs ham bor. Voqea joyida olti kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Yana bir kishi esa shifoxonaga olib ketilayotganda jon bergan. Otishmani amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan shaxs “o‘zini o‘zi yaralash oqibatida” halok bo‘lgan holda topilgan.
Ikki nafar jabrlanuvchi og‘ir, hayot uchun xavfli jarohatlar bilan vertolyotda shifoxonaga yetkazilgan. Qariyb 25 kishi mahalliy tibbiyot markazida davolanmoqda. Hodisaga aloqador deb taxmin qilinayotgan turar joyda yana ikki kishining jasadi topilgan.
“Xodimlar jabrlangan yoki voqeaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida uylar va binolarda qidiruv ishlarini olib bormoqda”, deyiladi politsiya bayonotida.
Tumbler Ridge — Kanadaning g‘arbiy qismida, Rokki tog‘lari etagida joylashgan, aholisi 2400 kishidan iborat kichik shaharcha bo‘lib, u AQSH chegarasidan taxminan 680 kilometr uzoqlikda joylashgan. AQSHga nisbatan qurol to‘g‘risidagi qonunlari ancha qat’iy bo‘lgan Kanadada ommaviy otishmalar kam uchraydi.
Taqqoslash uchun, AQSHda har 100 aholiga 121 ta o‘qotar qurol to‘g‘ri kelsa, Kanadada bu ko‘rsatkich 35 tani tashkil etadi. Politsiya jamoatchilikka hozirda hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidlamoqda.








