Daryo

“Eng noyob va eng ko‘p tomosha qilinadigan turnir bo‘ladi” — Dana Uayt Oq uydagi UFC musobaqasi haqida

Turnir 2026-yil 14-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu UFC turniri uchun Oq uy qarshisida ulkan arena qurilishini ma’lum qilgan edi.

1 daqiqa o‘qish5 209 ko‘rishlar0 izoh0

UFC prezidenti Dana Uayt Paramount UFC Youtube kanaliga bergan intervyusida AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Vashington shahrida joylashgan Oq uy hovlisida o‘tkaziladigan tarixiy turnirga tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘z yuritdi.

“Biz Janubiy maysazorda daraxtlar qayerda joylashganini ham aniq bilamiz. Quyosh botguniga qadar qayerda bo‘lishini ham to‘liq hisoblab chiqqanmiz. Barcha logistika tayyor. Bu UFC tarixidagi eng ko‘p tomosha qilinadigan turnir bo‘ladi, deb hisoblaymiz. U sportimizni ilgari hech qachon ko‘rmagan ko‘plab insonlarga tanishtiradi. Men uchun, rahbariyat, xodimlar, OAV va jangchilar uchun bu faoliyatimizdagi eng noyob va hayratlanarli tun bo‘ladi”, deydi Uayt.

Uayt, shuningdek, yana bir bor promoushen tarixidagi eng kuchli kardni shakllantirishga va’da berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, jangchilar oktagonga Oq uy kabinetlari orqali chiqib kelishadi. U mazkur tadbirni “alohida va betakror oqshom” sifatida baholadi.

Ma’lumot uchun, MMA olamida 2026-yilning eng muhim voqealaridan biri aynan Oq uyda o‘tkaziladigan UFC turniri bo‘lishi kutilmoqda. Musobaqa 2026-yil 14-iyun kuni tashkil etiladi. Aynan shu kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 80 yoshga to‘ladi.

Dastlab rasmiy manbalarda turnir AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 4-iyul sanasiga rejalashtirilgani qayd etilgan edi. Biroq logistika masalalari inobatga olinib, tadbir 14-iyun sanasiga ko‘chirildi.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp UFC turniri uchun Oq uy qarshisida arena qurilishi, ushbu musobaqaga 100 ming nafargacha tomoshabin tashrif buyurishi mumkinligini aytgan edi.

2025-yil 11-sentyabr kuni bergan intervyusida Dana Uayt xavfsizlik talablariga ko‘ra, arenaga joylashtiriladigan tomoshabinlar soni 5 ming kishidan oshmasligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Oq uy yaqinidagi hududda 85 ming nafargacha muxlisni sig‘dira oladigan katta ekranlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Turnir uchun chiptalar ochiq savdoga chiqarilmaydi.

UFC rahbariyati mazkur tarixiy turnir uchun maksimal darajada kuchli janglar kardini shakllantirish niyatida. Hozircha birorta bellashuv rasman tasdiqlanmagan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar