“Sevgi” va “Qodirxon” seriallaridagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Zarnigor G‘aniyevaga 2022-yilda ichak saratoni tashxisi qo‘yilgandi. Aktrisa kasallikdan qanday sog‘aygani, muhokamalarga sabab bo‘lgan intervyusi va oilasi haqida gapirdi.
— Saratonning davosi yo‘q, oxiri o‘lim deyishadi. Men bunga hamisha tayyorman. Janubiy Koreyada kuchli professor bilan suhbatlashdim. U menga “Seni men yoki puling davolay olmaydi. Faqatgina o‘zingga o‘zing yordam berolasan”, degan. Avvaliga ruhiy tushkunlikka tushib qoldim. Chunki kasallik tashxisi qo‘yilganida hujjatlarimni hindistonlik shifokorlarga yubordim. 100 ming AQSH dollarini sumkamga joylab, javob kelishi bilan Hindistonga uchib ketaman deb turgan joyimda “Kelishning hojati yo‘q, uch oylik umri qolgan”, degan javob keldi. Opamni chaqirib: “O‘lib qolsam uy-joyimni to‘rt bolamga teng taqsimlab bering, mendan keyin ularning holidan xabar olib turing”, deb tayinladim.
Opam o‘z bolalari bilan ovora bo‘lib qolsa-chi, deb dugonamga bolalarimni omonat qilib qoldirmoqchi bo‘ldim. Xullas, ahvolim juda og‘ir edi, o‘shanda pul ham hech nima qilib berolmasligini tushundim. Qurgan uy-joylarimga qarab, 40 yil davomida o‘zimni qiynab, ortimizdan qoladigan mol-dunyo uchun intilganimni tushundim.
Aslida hayotimning o‘zi stress — qattiqqo‘l o‘gay ota qo‘lida tarbiyalandim, onamdan ayrildim, qimorboz-jinoyatchi er bilan yashadim, undan keyin xiyonat va aldovlar qurboni bo‘ldim. Shuncha qiyinchiliklarni boshdan kechirdim, kasallik nima bo‘libdi, deb o‘zimni davolashga harakat qildim. Bir professorning tavsiyasi bilan o‘tmishdagi barcha xafaliklarni unutdim. Odamlarni kechirdim va hech bir inson ruhan azoblanishimizga arzimasligini tushundim, deydi Zarnigor G‘aniyeva.
Aktrisa sobiq turmush o‘rtog‘ini tuproqqa qo‘ygani va ruhiy qiyinchiliklarga uchragani haqida gapirdi.
— Birinchi turmushimdan bitta o‘g‘lim bor. O‘lgan inson haqida yomon gapirib bo‘lmaydi, ammo u inson boshimizga juda og‘ir kunlarni solgan. U jinoyatga qo‘l urib qo‘yar, zararli odatlari ko‘p edi. Odam o‘ldirib, qochib yurgan ekan, bundan bexabar men o‘g‘lim bilan novvoyxonada yashashga majbur bo‘lganmiz. Ammo eng yomoni — u qimorga men va o‘g‘limni tikib, yutqazib qo‘ygan. Ana shundan keyin uning hayotidan ketishga va hammasini qayta boshlashga qaror qilganman. Albatta, oson kechmagan, o‘g‘lim bilan avtobus bekatlarida uxlashimga to‘g‘ri kelgan. Shunday qiyin vaziyatlarda yonimizda turmagan qarindoshlari “Nega akamni yomonlab intervyu berasiz?” deb norozi bo‘lishadi.
U inson yaxshi ota bo‘lolmadi, ammo o‘g‘lim farzandlik burchini bajardi. Ozodlikka chiqqandan keyin qurilishda ishlagan ekan. Ish vaqtida yuqoridan qulab tushib, halok bo‘libdi. Namangandagi jiyanlari bu haqda xabar berib, o‘likni olib kelisholmayotganini aytishdi. O‘g‘limni olib, aytilgan manzilga bordik. Yo‘l o‘rtasida turgan va usti choyshab bilan yopib qo‘yilgan o‘likni ko‘rib, hech bir narsa javobsiz qolmasligini tushundim. Mayitni mashinaga yuklab, uyiga jo‘natdim.
O‘g‘lim ikkimiz ma’rakalarida ishtirok etdik, bolam farzandlik burchini ado etdi. Ammo uyga qaytganimizdan keyin u inson ko‘zimga ko‘p ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, kasallik tashxisi qo‘yilgan vaqtda “Seni o‘zim bilan olib ketaman, birga ketamiz”, degan gaplari eshitilardi. Devorga qarab kim bilandir gaplashayotganimni ko‘rgan bolalarim qo‘rqib ketgan. “O‘lik sizdan umidvor bo‘lyapti”, deyishganidan keyin amallarni qildik, deydi aktrisa.
Aktrisa intervyularining birida ajrashganidan afsuslanishi haqida gapirgandan keyin sobiq turmush o‘rtog‘i yarashishni taklif qilganini aytdi.
— Ikkinchi marta oila qurganman, uch farzandim dunyoga kelgan. Afsuski, xiyonatlar sabab ajrashganman. O‘ziga to‘q inson bo‘lgan, ammo xiyonat tufayli har kuni o‘lib-tirilgandek bo‘lar edim. Ajrashib hammasidan qutilaman, boshqasi bilan turmush qurarman deb o‘ylagandim. Afsuski, mana 10 yildan beri yolg‘izman va ayniqsa kasal paytimda ajrashganimdan qattiq afsuslandim. Bolalarimning otasi meni qo‘llab-quvvatladi, davolanishimga sababchi bo‘ldi.
Hayotda dilimdagini tilimga chiqaradigan ayol bo‘lganim uchun hammasini ochiqchasiga tan olib chiqdim. Intervyuning parchalari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, shundan keyin sobiq turmush o‘rtog‘im qo‘ng‘iroq qilib, “Haqiqatan ham afsuslanyapsanmi, yarashamizmi?” dedi. “Yo‘q, siz bilan yaxshi do‘stmiz, hammasi shunday qolsin”, dedim. Sababi u inson boshqa ayol bilan oila qurgan, chiroyli yashayapti. Baxtsiz ayollar soni yana bittaga ortishini istamayman, deydi Zarnigor G‘aniyeva.








