Daryo

O‘z muxlisasi bilan oila qurgan mashhurlar

90-yillarning o‘rtalarida Patrik Dempsi mashhurlik cho‘qqisida edi, Jillian esa Los Anjelesda vizajist va stilist bo‘lib ishlardi. Ularning birinchi uchrashuvi kinostudiyalarda emas, balki oddiy go‘zallik salonida sodir bo‘lgan.

4 daqiqa o‘qish15 604 ko‘rishlar0 izoh8

Ko‘pchilik uchun o‘z kumiri bilan tanishish yoki unga turmushga chiqish amalga oshmaydigan orzudek tuyuladi. Ammo hayotda shunday voqealar bo‘ladiki, hatto eng mashhur yulduzlar ham o‘z baxtini oddiy muxlislari orasidan topadi. Quyida uzoqdan turib havas qilgan san’atkorining rafiqasiga aylangan ayollar hikoyasini ko‘rib chiqamiz.

Jastin Biber va Heyli Bolduin

Foto: Rolling Stone

Heyli Bolduin va Jastin Biberning birinchi uchrashuvi 2009-yilda, Heyli bor-yo‘g‘i 12 yoshda bo‘lganida yuz bergan. Heylining otasi, mashhur aktyor Stiven Bolduin qizini Today shousining parda orti qismiga olib kirib, yosh xonanda bilan tanishtirib qo‘ygan. O‘sha paytlarda Heyli Jastinning ashaddiy muxlisi edi: u Biberning har bir qo‘shig‘ini yoddan bilardi va karyerasini katta qiziqish bilan kuzatib borardi.

Vaqt o‘tib, Biber dunyo tan olgan yulduzga aylandi. Uning shaxsiy hayoti uzoq yillar davomida Selena Gomes bilan bo‘lgan murakkab va og‘riqli munosabatlari tufayli doimo OAV diqqat markazida bo‘ldi. Bu juftlikning ayrilishi va yana yarashishi haqidagi xabarlar to‘xtamas edi. Shunday shov-shuvlar fonida Jastinning Heyli bilan munosabat boshlashi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Hatto Selena Gomesning muxlislari Heylini “baxtni buzganlikda” aybladi. Biroq Jastin hamma narsa o‘z vaqtida sodir bo‘lganini va bir sevgi qissasi tugab, yangisi boshlanganini bildirdi.

Heyli ulg‘ayib, model sifatida tanilganidan so‘ng, ular yana uchrashishdi. 2018-yilda, Jastin va Selena butunlay xayrlashganidan so‘ng, xonanda Heyliga turmush qurish taklifini berdi. Juftlik qisqa vaqt ichida nikohdan o‘tdi. So‘ng 2024-yilda ular o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Bugungi kunda ular baxtli hayot kechirmoqda.

Shahzoda Garri va Megan Markl

Foto: People

Megan Markl shahzoda Garri bilan uchrashguniga qadar Britaniya qirollik oilasi hayotidan yaxshigina xabardor edi. Shunga qaramay, u shahzodaga dabdabali unvon egasi sifatida emas, balki oddiy inson sifatida qaradi. Intervyularidan birida Megan tanishuvdan avval do‘stlaridan birgina savolni so‘raganini aytgan: “U mehribon insonmi?”. Uni Garrining boyligi yoki taxtga yaqinligi emas, balki fe’l-atvori ko‘proq qiziqtirgan.

Ularning taqdirini 2016-yilda umumiy do‘stlari bog‘lab berishdi. Garrining keyinchalik tan olishicha, aynan Meganning uning shahzoda ekanligiga ortiqcha e’tibor bermasligi va u bilan tengma-teng muloqot qilishi qalbidan chuqur joy olgan. Bunday samimiylik va erkinlik shahzodani butkul rom etgan.

Biroq bu sevgi hikoyasi oson kechmadi. Munosabatlar ommaga oshkor bo‘lgach, Britaniya matbuoti Meganni qattiq tanqid ostiga oldi. Bu bosimlar Garrini o‘z qallig‘ini himoya qilishga va butun monarxiya tizimi haqidagi qarashlarini o‘zgartirishga majbur qildi. 2018-yildagi to‘ydan so‘ng, 2020-yilda er-xotin kutilmagan qarorga kelishdi — ular qirollik imtiyozlaridan voz kechishdi. Hozirda Garri va Megan AQSHda istiqomat qilib, ikki farzandni tarbiyalamoqda.

Patrik Dempsi va Jillian Fink

Foto: Parade

Mashhur aktyor Patrik Dempsining turmush o‘rtog‘i Jillian Fink eri bilan tanishishidan ancha oldin uning filmlarini tomosha qilgan va uni mahoratli aktyor sifatida hurmat qilgan. 90-yillarning o‘rtalarida Patrik mashhurlik cho‘qqisida edi, Jillian esa Los Anjelesda vizajist va stilist bo‘lib ishlardi. Ularning birinchi uchrashuvi kinostudiyalarda emas, balki oddiy go‘zallik salonida, Patrik u yerga mijoz bo‘lib kelganida sodir bo‘ldi.

Jillian uchrashuv paytida o‘z kumirini ko‘rib hayajonlangan bo‘lsa-da, o‘zini juda bosiq tutgan. Dastlab ular shunchaki stilist va mijoz sifatida muloqot qilishdi, keyinchalik bu do‘stlikka, so‘ngra esa jiddiy sevgiga aylandi. Dempsining aytishicha, Jillianning kasbiga bo‘lgan sadoqati va unga mashhur yulduz sifatida emas, oddiy mijozdek munosabatda bo‘lgani uni hayratda qoldirgan.

Ular 1999-yilda oila qurishdi. Chorak asrlik nikoh davomida ular uch farzandli bo‘lishdi. Garchi 2015-yilda ajrashish yoqasiga kelib qolishgan bo‘lsa-da, ular oilaviy munosabatlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Bugungi kunda Dempsi va Fink Gollivudning eng namunali juftliklaridan biridir.

Hyu Jekman va Deborra Li Ferness

Foto: Parade

Deborra Li Ferness o‘zining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Hyu Jekmanni u hali butun dunyoga “Rosomaxa” sifatida tanilmasidan oldin bilgan. 90-yillarning o‘rtalarida Deborra Avstraliyaning taniqli aktrisasi edi, Hyu esa endigina karyerasini boshlayotgan yosh ijodkor edi. Deborra Hyudan 13 yosh katta bo‘lishiga qaramay, ularning qarashlari bir nuqtada birlashdi.

Ular 1995-yilda “Korrelli” serialini suratga olish maydonchasida uchrashishdi. Deborrani yosh aktyorning nafaqat iste’dodi, balki ishga bo‘lgan o‘ta jiddiy munosabati va hamkasblariga ko‘rsatadigan ehtiromi o‘ziga tortgan. Hyu uchun esa Deborra nafaqat sevimli ayol, balki kasbiy jihatdan o‘rnak bo‘ladigan ustoz ham edi.

1996-yilda turmush qurgan juftlik qariyb 30 yil davomida birga hayot kechirishdi. Bu vaqt ichida Hyu Jekman jahon kinosining eng yirik yulduzlaridan biriga aylandi, biroq u doimo yutuqlarining asosiy sababchisi sifatida rafiqasini ko‘rsatib keldi. Ular ikki farzandni asrab olib, kamolga yetkazishdi. 2023-yilda er-xotin o‘zaro kelishgan holda ajrashishlarini e’lon qilishgan bo‘lsa-da, ular hamon yaqin do‘st bo‘lib qolishgan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar