Daryo

“Zelenskiyni o‘ldirishga urinish”. Polshalik erkak Rossiya foydasiga josuslik qilishda aybdor deb topildi

U Rossiya maxsus xizmatlariga Ukraina prezidentining tashrifi kutilayotgan aeroport haqida ma’lumot bergan. Rossiyaliklar shunga asosan suiqasd rejasini ishlab chiqqan. Biroq huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari sabab urinish bartaraf etilgan.

1 daqiqa o‘qish6 806 ko‘rishlar0 izoh1

Polsha sudi rus razvedkasi foydasiga josuslik qilgan 50 yoshli erkakni aybdor deb topdi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2024-yili Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qarshi suiqasd tashkil etishga yordamlashgan. Bu haqda Polsha Maxsus xizmatlari koordinatori matbuot kotibi ma’lum qildi.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, Polsha fuqarosi Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan va ularning topshiriqlarini bajarishga tayyorligini aytgan. Shundan so‘ng unga Rzeshov–Yasionka aeroportida joriy etilgan xavfsizlik choralari haqida ma’lumot yig‘ish so‘ralgan. Rossiyaliklar ulardan kelgusida Zelenskiyga qarshi suiqasd rejasini ishlab chiqishda foydalanmoqchi bo‘lgan. 

Erkak shu bilan kifoyalanmay, “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga va Rossiya Bosh razvedka boshqarmasiga qarashli harbiy bo‘linmaga qo‘shilish istagini ham bildirgan. U Zamosk okrug sudi tomonidan barcha bandlar bo‘yicha aybdor deb topilgan bo‘lib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Zelenskiyga uyushtirilgan suiqasd rejasi

2025-yili Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Vasil Malyuk Polshada Zelenskiyga suiqasd tayyorlangani haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi iste’fodagi polyak harbiysi bo‘lib, o‘nlab yillar avval Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yollangan. Erkak Sovet Ittifoqini tiklash g‘oyasiga chin dildan ishongani bois Vladimir Zelenskiyni yoqtirmagan. 

Ukraina prezidenti Polshaning Rzeshov–Yasionka aeroportida
Foto: Reuters

Ma’lum qilinishicha, Rossiya maxsus xizmatlari Zelenskiyni Rzeshov aeroportida o‘ldirishni reja qilgan. Bu uchun bir nechta variantlar, jumladan FPV-dron yoki snayperdan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Biroq Ukraina Xavfsizlik xizmati va Polsha huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari sabab suiqasdning oldi olingan. 

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar