Daryo

Filippinda deputatlar prezidentga impichment e’lon qilmoqchi

Davlat rahbari jamoatchilik ishonchiga xiyonat qilish, konstitutsiyani buzish va korrupsiyada ayblanyapti. Faollar prezident ustidan parlamentga shikoyat qilgan.

1 daqiqa o‘qish2 830 ko‘rishlar0 izoh1

Filippin parlamenti deputatlari prezident Ferdinand Markosni lavozimidan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Impichment jarayoni yuzasidan navbatdagi muhokama bugun, 3-fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Deputatlar davlat rahbarini jamoatchilik ishonchiga xiyonatda, korrupsiya va konstitutsiyani buzishda ayblamoqda.

Ijtimoiy faollar prezident ustidan shikoyat kiritgan. Arizalar Filippin parlamentining Adliya qo‘mitasida ko‘rib chiqilib, o‘rganish uchun qabul qilingan. Olti yillik prezidentlik muddatining yarmiga yetgan Markos esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda.

Shikoyatlar qo‘mitadan o‘tgach, Vakillar palatasiga yuboriladi va ovozga qo‘yiladi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, parlamentning bu qo‘mitasida prezident tarafdorlari ustunlik qiladi. Shu bois jarayon faollar umid qilganidek yakunlanmasligi mumkin.

Vakillar palatasi Markosga qarshi impichmentni qo‘llab-quvvatlagan taqdirda, u Jozef Estradadan so‘ng mana shu jarayonni boshdan kechirgan ikkinchi prezident bo‘ladi. Biroq 2000-yili deputatlarning Estradani lavozimdan chetlatish harakatlari samara bermagan, shundan so‘ng Oliy sud davlat rahbarini iste’foga chiqargandi.

Shikoyatlarda prezident Markosning o‘zidan oldingi davlat rahbari Rodrigo Duterteni hibsga olishga ruxsat bergani ham keltirilgan. Sobiq prezident “giyohvandlikka qarshi urush” kampaniyasi doirasida minglab insonlarning o‘ldirilishida ayblanadi. Gaagada sudi unga qarshi ishni ko‘rib chiqyapti.

Filippin parlamenti
Foto: PNA

Prezident, bundan tashqari, davlat mablag‘ini suiiste’mol qilish, xususan, suv toshqinlariga qarshi loyihalarda korrupsiyaga yo‘l qo‘yishda ayblanmoqda. Shuningdek, shikoyatda prezident giyohvand moddalar iste’mol qilgani haqida da’volar bor. Markos o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qat’iyan rad etdi. 

“Prezident avval ham aytgan. U hech qanday qonunni buzmagan va impichmentga sabab bo‘ladigan jinoyat sodir etmagan”, dedi prezident matbuot kotibi Kler Kastro.

​Agar quyi palata impichmentni ma’qullasa, ish Senatga yuboriladi. Bu jarayonda hakamlar hay’ati vazifasini 24 nafar senator bajaradi. Parlamentning Adliya qo‘mitasi raisi Gerville Luistroga ko‘ra, shunchaki qonunbuzarlikning o‘zi yetarli emas, u impichmentga asos bo‘ladigan darajada jiddiy bo‘lishi lozim.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar