Daryo

Si Szinpin yuanni jahon zaxira valyutasiga aylantirishga chaqirdi

Xitoy raisi “kuchli valyuta” savdo, investitsiyalar va AQSH dollariga qaramlikni kamaytirish uchun muhimligini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish6 360 ko‘rishlar0 izoh3

Xitoy raisi Si Szinpin yuanga jahon zaxira valyutasi maqomini berishga chaqirdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Szinpin partiyaning Qiushi jurnalida e’lon qilingan maqolasida Xitoy xalqaro savdo, investitsiya va valyuta bozorlarida keng qo‘llaniladigan “kuchli valyuta” yaratishi zarurligini ta’kidladi. Nashrga ko‘ra, Xitoy rahbariyati anchadan beri yuanni xalqaro maydonga olib chiqishga intilib keladi. Szinpinning maqolasi esa uning bu boradagi maqsadini aniq ifodalaydi.

Xitoy raisining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga pul-kredit siyosatini boshqarish uchun “kuchli markaziy bank”, global kapitalni jalb qila oladigan va global narxlarga ta’sir o‘tkaza oladigan raqobatbardosh moliyaviy institutlar kerak.

Szinpinning bayonoti jahon bozorlarida noaniqlik kuchayishi fonida yangramoqda. Dollarning zaiflashishi, AQSH Federal zaxira tizimi rahbariyatining ehtimoliy o‘zgarishi, geosiyosat va savdodagi keskinlik markaziy banklarni dollar aktivlariga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.

The Asia Group tahlil markazining Xitoy bo‘yicha direktori Xan Shen Linning aytishicha, Pekin dollar o‘rniga yuanni global valyutaga aylantirishni istamaydi. Balki uni AQSH ta’sirini cheklovchi strategik muvozanat vositasi sifatida ko‘rmoqda. 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan beri yuan jahon savdosini moliyalashtirishda ikkinchi yirik valyutaga aylandi, ammo uning rasmiy zaxiralardagi roli cheklanganicha qolmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragiga asosan dollarning jahon zaxiralaridagi ulushi 2000-yildagi 71 foizga nisbatan taxminan 57 foizni, yevroning ulushi esa taxminan 20 foizni tashkil etdi. Yuan atigi 1,93 foiz ulush bilan oltinchi o‘rinni egalladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar