Panama Oliy sudi Xitoy kompaniyasiga Panama kanalidagi portlarni boshqarish huquqini bergan shartnomalarni konstitutsiyaga zid deb topdi. Qaror AQSh prezidenti Donald Tramp kanalni Pekin nazorat qilayotganini aytib, uni kuch bilan tortib olish haqida tahdid qilganidan bir yil o‘tib e’lon qilindi.
Sud hujjatiga ko‘ra, qaror Gonkongda joylashgan CK Hutchison kompaniyasi boshqaruvidagi portlarga taalluqli. Aniqlik kiritilishicha, kompaniya va Panama hukumati portlarni rivojlantirish, boshqarish va ekspluatatsiya qilishga oid konsessiya shartnomalarini tuzgan. Biroq ularning huquqiy maqomini asoslab bergan qonun va hujjatlar mamlakat bosh qomusiga zid bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya portlarni o‘zining sho‘ba korxonasi bo‘lgan Panama Ports Company orqali boshqargan. U 1990-yillardan buyon kanalning Tinch okeani tomonidagi Balboa porti hamda Atlantika sohilidagi Kristobal portlarini nazorat qilgan. 2021-yili kelishuv avtomatik ravishda uzaytirilib, 25 yilga mo‘ljallangan litsenziya berilgan.
Biroq Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng Panama hukumatidan Xitoy ta’sirini cheklashni va kanal ustidan AQSH nazoratini qaytarishni talab qildi. Qo‘shma Shtatlar rahbari bunga asos sifatida kanal dastlab amerikaliklar tomonidan qurilganini keltirgan. Bugungi kunda jahon dengiz savdosining qariyb 5 foizi aynan ushbu yo‘nalishdan o‘tadi.
Panama hukumati va PPC o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni bekor qilish bo‘yicha da’vo sudga 2025-yili kiritilgan. Arizada kelishuv jarayonida konstitutsiyaga zid ish tutilgani, shuningdek kompaniya soliq majburiyatlarini to‘liq bajarmagani qayd etilgan. Bundan tashqari, o‘tkazilgan audit natijasida moliyaviy hisobotlardagi xatolar va boshqa qonunbuzarliklar aniqlangan.
Mutaxassislarning fikricha, mahkama qarori Panama hukumatini portlarni boshqarish bo‘yicha yangi huquqiy mexanizm ishlab chiqishga yoki tenderlarni qaytadan o‘tkazishga majbur mumkin. Biroq PPC barcha ayblovlarni rad etib, sud qarorini tan olmadi.
“Ushbu qaror huquqiy asosga ega emas. U nafaqat PPC va u bilan tuzilgan shartnomaga, balki port faoliyatiga bevosita va bilvosita bog‘liq bo‘lgan minglab panamalik oilalarning moliyaviy barqarorligiga tahdid soladi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Xitoy rasmiylari ham masalaga aralashib, kompaniyaning qonuniy huquq va manfaatlari qat’iy himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rilishini ma’lum qildi.








